O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Germaniya federativ respublikasi delegatsiyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2022-03-02 | Jamiyat
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Germaniya Federativ Respublikasining Shimoliy Reyn-Vestfaliya Federal yeri Adliya va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish vazirligi, Shimoliy Reyn-Vestfaliya Bosh prokuraturasi hamda Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik jamgʻarmasi (IRZ) vakillaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.
Maʼlumot uchun: Federal Adliya va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish vazirligi (BMJV) korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat siyosatini shakllantiruvchi, shuningdek, qonunchilik faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organ hisoblanadi.
«Transparency International» tashkilotining 2021-yildagi korrupsiyani qabul qilish indeksida Germaniya 10-oʻrinni egallagan.
Uchrashuvni Agentlik direktori oʻrinbosari U.Tuxtasheva ochib, Oʻzbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, bu borada olib borilayotgan soʻnggi islohotlar va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, davlat va fuqarolar oʻrtasida muloqotni yoʻlga qoʻyish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot berib oʻtdi.
Muloqot davomida Agentlik va Germaniya Federativ Respublikasi Adliya vazirligi, Xalqaro huquqiy hamkorlik jamgʻarmasi oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qoʻshma tadbirlar, seminar va oʻquv kurslarini tashkil etish, shuningdek, davlat xizmatida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, mansab vakolati va davlat mablagʻlarini suiisteʼmol qilish, korrupsiya toʻgʻrisidagi xabarlarni koʻrib chiqish va choralar koʻrish, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash sohalarida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Germaniya delegatsiyasi Agentlik, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va uning hududiy kengashlari, davlat idoralarining komplayens-nazorat tuzilmalari faoliyati hamda Agentlikning korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatiga jamoatchilikni jalb etish tajribasi yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan bir qator savollarga javoblar oldilar.
Germaniya delegatsiyasi tashrifining ikkinchi kunida Bosh prokuratura akademiyasida Agentlik vakillari ishtirokida “Korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarb masalalari: Oʻzbekiston va Germaniya tajribasi” mavzusida Xalqaro konferensiya oʻtkazilishi rejalashtirilgan.