O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AKT vazirligi rahbariyati “MWC Barcelona-2022” Jahon mobil kongressida ishtirok etmoqda
2022-03-02 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatov boshchiligidagi delegatsiya Barselona (Ispaniya Qirolligi) shahrida joriy yilning 28-fevral - 3-mart kunlari bo‘lib o‘tayotgan “MWC Barcelona-2022” Jahon mobil kongressida ishtirok etmoqda.
“MWC Barcelona-2022” Xalqaro mobil kongressi 155 mamlakatdan 2000 dan ortiq turli kompaniya va tashkilotlarni birlashtirgan IT-sanoatidagi eng yirik xalqaro tadbirlardan biri hisoblanadi. Kongress doirasida yetakchi mutaxassislar va bozor ekspertlari AKT sohasidagi soʻnggi tendensiyalarni muhokama qiladilar hamda soʻnggi texnologik yutuqlar taqdimotlarini oʻtkazadilar.
Bu yilgi tadbir dasturi bulutli texnologiyalar, 5G texnologiyalarini rivojlantirish, sunʼiy intellektlarni ilgari surish, internet texnologiyalarining kirib kelishi kabi dolzarb masalalarga bagʻishlanadi.
Kongress ishtirokchilari orasida yetakchi xalqaro IT-kompaniyalar – texnologik asbob-uskunalar va dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilari, telekommunikatsiya va mobil aloqa operatorlari, milliy IT-bozorlari vakillari bor. Ular orasida Amazon, AT&T, China Mobile, HTC, Huawei, ZTE, Amdocs, HP, Nokia, Qualcomm, Vodafone, Kaspersky, Accenture, Fujitsu va boshqalar bor. Tadbirni nufuzli ommaviy axborot vositalari, jumladan CNBC, Financial Times, The Wall Street Journal, Time, Euronews va boshqalar yoritib boradi.
Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyatining bir qator xorijiy IT-kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazishi, “Huawei Industrial Digital Transformation Summit” sammitida hamda “Raqamli o‘zgarish” mavzusidagi konferensiyada ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi