Ikki mamlakat Energetika vazirlari hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Nur-Sulton shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston Energetika vazirlari Alisher Sultanov va Bolat Oqchulakovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda A.Sultanov ikki mamlakat o‘rtasida yoqilg‘i-energetika sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini ta'kidladi. Xususan, Yagona elektr tarmog‘idagi o‘zaro hamkorlik doirasida elektr energetika sohasida chastotalarni nazorat qilish xizmatlari, tranzit xizmatlari, shuningdek, elektr energiyasini yetkazib berish masalalari ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, Qozog‘istonning janubiy viloyatlariga tabiiy gaz yetkazib berish, gazni chuqur qayta ishlashga asoslangan O‘zbekiston mahsulotlarini, jumladan, polietilen, polipropilen, texnik moylarni eksport qilish kabi yo‘nalishlarda mamlakatlar o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirmoqda.
“O‘ztransgaz” AJ va “ISA” AJ o‘rtasida tabiiy gazni Qozog‘iston hududi orqali tashish bo‘yicha imzolangan shartnoma muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizga Qozog‘istondan neft' an'anaviy usulda olib kelinmoqda.
Uchrashuvda ikki mamlakat Energetika vazirlari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar hamda uni yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini belgilab oldilar.
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi