O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston to‘qimachilari Turkiyaning Laleli sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasi bilan hamkorlik qiladi
2022-02-28 | Jamiyat
O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati delegatsiyasining Istanbul shahriga amaliy safari doirasida Turkiyaning Laleli sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasi (LATSIAD) bosh kotibi Ishil Sazak xonim bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda.
Muzokaralar chog‘ida turkiyalik hamkorlar mamlakatimizda olib borilayotgan sarmoyaviy siyosat, xorijlik sarmoyadorlarga yaratilgan qulaylik va imtiyozlar bilan yaqindan tanishdilar. Shu o‘rinda mahsulotlar eksporti nuqtai nazaridan Yevropa Ittifoqining Bosh prefensiyalar tizimi (GSP+) hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan amaldagi erkin savdo to‘g‘risidagi bitimlaridan kelib chiqadigan afzalliklar to‘g‘risida ma’lumotlarga alohida urg‘u berildi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha to‘qimachilik mahsulotlari marketingi, uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda kirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsuot ishlab chiqarish yuzasidan qo‘shma loyihalar ishlab chiqish hamda joriy yil aprel oyida Turkiyaning Laleli sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasi a’zolaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga amaliy safarini uyushtirishga kelishib olindi.
Ma’lumot tariqasida qayd etish o‘rinliki, Turkiyaning Laleli sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasi 1 000 dan ortiq to‘qimachilik sanoati kompaniyalarini o‘z atrofiga birlashtirgan. Uyushma a’zolari dunyoning 57 mamalakatiga 6 mlrd.AQSH dollari hajmidagi mahsulotni eksport qiladi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi