O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Boʻlajak innovatorlar omma oldida nutq soʻzlash mahoratini egallamoqdalar
2022-02-25 | Innovatsiya
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida 21–25-fevral kunlari boʻlib oʻtayotgan Mudofaa vazirligi tizimidagi oliy harbiy taʼlim muassasalarining olimlari tomonidan yaratilgan innovatsion ishlanmalar koʻrgazmasi doirasida navbatdagi biznes amaliy trening boʻlib oʻtdi.
Yashnobod innovatsion texnoparki tomonidan tashkil etilgan “Biznes-inkubator” oʻquv-amaliy dasturi yoshlarda innovatsion tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan boʻlib, unda spiker Alisher Sultonov “Omma oldida nutq soʻzlash mahorati” mavzusida ishtirokchilarga maʼruza oʻqidi, amaliy koʻnikmalari bilan oʻrtoqlashdi.
“Biznes-inkubator” oʻquv-amaliy dasturida umumiy 50 ta jamoa vakillari ishtirok etib, innovatsion tadbirkorlik sohasida bilim va koʻnikmalarni egallab, oʻz biznes loyihalari ustida izlanishlar olib bormoqdalar. Dars jarayonlari onlayn va offlayn tarzda amalga oshirilib, qoʻshimcha topshiriqlar asosida mavzular mustahkamlanib borilmoqda.
Uch oy davom etadigan dastur qatnashchilari oʻz ilmiy gʻoyalarini startapga aylantirish va hayotga tatbiq qilish, investorlar bilan ishlash boʻyicha amaliy mashgʻulotlar olmoqda. Dastur marketing boshqaruvi, moliyaviy boshqaruv, biznes operatsiyalar, raqamlashtirish va electron platformalardan samarali foydalanish, huquqiy savodxonlik va soliqchilikka oid mavzularni oʻz ichiga oladi.
Dastur soʻnggida “Demo-kun” tadbiri oʻtkaziladi. Unda ishtirokchilar oʻz loyihalari hamda biznes rejalarini investorlarga taqdim qiladilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi