O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Orolbo'yi mintaqasidagi Yer maydonlarining sho'rlanishiga qarshi qanday kurashish mumkin?

2022-02-23 | Ekologiya

Innovatsion rivojlanish vazirligida o'tkazilgan «Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish» masalalariga bag'ishlangan Xalqaro konferentsiya ishtirokchilari tomonidan Orolbo'yi muammosi nafaqat O'zbekiston yoki Markaziy Osiyo, balki butun dunyoning eng yirik ekologik muammosi ekani, uni bartaraf qilish uchun xalqaro miqyosda jiddiy e'tibor qaratish lozimligi ta'kidlandi.

Orolbo'yidagi holatni keng ko'lamli xalqaro hamkorlik bilan yumshatish imkoniyatlariga urg'u berildi. Shu munosabat bilan, Yaponiya hukumatining “SATREPS” (Barqaror rivojlanish yo'lidagi ilmiy tadqiqot va texnologik hamkorlik) dasturi doirasida «Orolbo'yi mintaqasidagi er maydonlarining sho'rlanishga qarshi kurashish, ularning unumdorligini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash maqsadida suv resurslaridan foydalanishni monitoring va nazorat qilishning yangi texnologiyalarini ishlab chiqish» loyihasini amalga oshirishga kirishilayotgani e'lon qilindi. Ushbu loyiha O'zbekiston va Yaponiyaning manfaatdor vazirlik va idoralar, etakchi oliy o'quv yurtlari, ilmiy tadqiqot institutlari, O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Orolbo'yi xalqaro innovatsiya markazi hamda xususiy sektor vakillaridan tashkil topgan konsortsium tomonidan 5 yil davomida amalga oshiriladi. Ta'kidlash lozimki, mazkur loyiha nafaqat O'zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda Yaponiya hukumati ko'magida amalga oshirilayotgan dastlabki va eng yirik tashabbus hisoblanmoqda.

Mazkur loyihaning tadqiqot guruhi etakchilaridan biri, Yaponiyaning Tottori universiteti professori, vatandoshimiz Kristina Toderich bilan ushbu yirik dasturning mazmun-mohiyati, muammoni hal etish yo'llari haqida suhbatlashdik.

– Kristina Nikolaevna, biz sizni cho'l va sho'rlangan erlarda biodehqonchilikni rivojlantirish, hamda ekologiya sohasidagi taniqli olim sifatida bilamiz. Hozirda qanday faoliyat bilan shug'ullanyapsiz?

– Darhaqiqat, qurg'oqchil iqlim sharoitida atrof-muhitni muhofaza qilish, cho'l ekologiyasi va suv resurslaridan foydalanish sohasida deyarli 35 yillik tajribaga egaman. O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasidagi faoliyatim ko'plab fundamental, akademik va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun yaxshi tramplin bo'ldi. Bu o'z navbatida meni Orol dengizi muammolarini o'rganishimga, Orol havzasi va qurigan dengiz tubidagi erlarni florasini har tomonlama o'rganish, u erda yovvoyi o'simliklarni ko'paytirish va ulardan iqtisodiy foyda olish, qishloq xo'jaligini rivojlantirishni mutloqo yangi imkoniyatlari haqida tadqiqotlar o'tkazilishiga turtki berdi. Agar yangi texnologiyalar asosida, sho'rlangan erlarda noan'anaviy ekinlar etishtirishga kirishilsa, shubhasiz, bu chekka huddudlarda  oziq ovqat  mahsulotlarini etishtirish orqali shu erlarda yashovchi aholi turmush tarzini yaxshilash imkoniyatlari mavjud.

– O'zbekiston siz uchun begona emas. Shu erda yashagansiz, ilmiy faoliyatingizni ham aynan O'zbekistonda boshlagansiz...

– O'zim Moldavaning qishlog'ida tug'ilganman, o'sha erda ta'lim olganman. Sankt-Peterburgdagi Botanika instituti aspiranturasida tahsil olayotganimda turmush o'rtog'im bilan tanishib, Samarqand viloyatiga kelib yashaganmiz. Avvalo bu erda o'zbek tilini o'rgandim, umuman menga yot bo'lgan an'analar bilan tanishdim, ularni qabul qildim. Oddiy qishloq xonadonga, lekin o'ta ziyoli oilaga kelin bo'lganim mening baxtimdir. Aynan shu oilaning qo'llab-quvvatlovi bilan ilmiy ishimni davom ettirib, avval nomzodlik, keyin doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilishga muvaffaq bo'ldim. O'zR FAning Samarqand bo'limida ko'p yillar mehnat qildim. 2006-2019-yillar davomida BMTning beshta Markaziy Osiyo va Kavkazoldi davlatlari ishtirok etgan sho'rlanish sharoitida qishloq xo'jaligini rivojlantirish dasturida koordinator bo'ldim (IKBA-TsAZ). Ana shu yillarda men ko'plab xalqaro tashkilotlar va donorlik dasturlari bilan hamkorlik qildim, ulardan ko'p narsa o'rgandim va shundan so'ng xalqaro maslahatchi sifatida tan olindim. Ayniqsa, Afg'onistonning qurg'oqchilikdan jabr ko'rgan hududlarida muqobil yashash sharoitlarini yaratishga bag'ishlangan xalqaro loyihada ishtirok etganim xotiramda alohida iz qoldirdi. Bunda va keyingi ilmiy ishlarimda aspiranturada olgan bilimlarim hamda O'zbekistonda ish davomida orttirgan tajribalarim ko'p yordam berdi. Loyihalarda ishtirok etib yurgan paytlarimda ko'plab monografiyalar, ilmiy maqolalar chop etdim va bu menga xalqaro miqyosda e'tirof etilishimga imkon berdi. Bu izlanishlar respublikamiz uchun yangi yo'nalishda, ya'ni Orolbo'yining tabiiy resurslarini tiklash va saqlash loyihasi ustida ishlashimga turtki berdi. Umuman olganda men, nafaqat tabiiy, balki mahalliy aholining qadimgi ajdodlari qoldirgan madaniy merosni asrab avaylash tarafdoriman, qadim an'analardan hamda tajribalardan ko'p narsalarni olishga harakat qilaman.

– Keling, mana shu amalga oshirayotgan loyihangiz haqida suhbatlashsak.

Tabiatda galofit, ya'ni sho'rlangan erlarga moslashgan o'simliklar o'sadi. Bizning kontseptsiyamiz mana shu o'simliklarni madaniylashtirish, ulardan hosil olish va qishloq xo'jaligi mahsulotlari sifatida foydalanish. Ayrim galofit o'simliklarini qayta ishlab, ulardan mahalliy chorva yoki parranda uchun em olinsa, ayrimlarini, hatto, aholi ratsioniga qo'shish masalasi ustida ham bosh qotirish vaqti keldi. Bu borada Isroil, AQSh, Yaponiya kabi davlatlarda tadqiqot ishlari boshlab yuborilgan. Albatta, bu kontseptsiyamizga ko'pchilik ishonmasligi mumkin, ammo kartoshkani Amerikadan olib kelib, uni o'zimizda ham eng ko'p iste'mol qilinadigan sabzavotga aylantirilguncha qancha vaqt ketganini bir o'ylab ko'raylik. Yoki, paxta, hatto bug'doy yoki guruch kabi o'simliklarni madaniylashtirguncha ham odamzod minglab yillar davomida harakat qilgan. Xuddi shunday hozirda tikanak deb qaralayotgan cho'l o'simliklarini etishtirish, ulardan hosil olish va keng qo'llash kelajak talabi. Uzoq qishloqlarda qiyinchilik ko'rib yashayotgan aholiga muqobil imkoniyatlarni yaratishimiz kerak. Bunda gen muhandisligining o'rni beqiyos bo'ladi. Aynan hozir Orol havzasida tabiiy o'sayotgan o'simliklarning gen ma'lumotlarini ishga solish, sho'rlanishi yuqori bo'lgan boshqa hududlarda o'sadigan o'simliklarni olib kelib ko'paytirish ustida tadqiqotlar olib boramiz. Agar tajribalarimiz o'zini oqlasa, u keyinchalik keng yo'lga qo'yiladi. Bu ishlar bizdan jasorat, qunt va mehnat talab etadi.

– Cho'l sharoitida o'simliklarni etishtirish qo'shimcha suv resurslarini talab qiladi, degan tushuncha bor. Cho'l zonalarida agrar sohani rivojlantirish orqali yana tabiatga ziyon etkazilmaydimi?

–Galofit o'simliklarning ajoyib xususiyati shundan iboratki, ular aynan sho'rlangan erlarda o'sib, ortiqcha suv talab qilmaydi. Ayrim o'simliklar, aksincha, o'ziga tuzni tortib oladi, ya'ni tuproqni tuzdan xalos etish xususiyatiga ega. Bunday o'simliklar, albatta, oziq-ovqat sifatida ishlatishga yaramaydi, ammo ulardan bioyoqilg'i sifatida foydalanish mumkin. Cho'l sharoitida etishtiriladigan kinoa, amarant kabi o'simliklarda oqsil moddasi ko'p bo'lgani bois, chorvachilikka sarflanadigan xarajatlar iqtisod qilinadi. Lekin ularning ham mavjud navlarini emas, balki aynan Orolbo'yi mintaqasiga moslashtirilgan navlaridan foydalanilganidagina, iqtisodiy foyda haqida gapirish mumkin bo'ladi. Demak, hozirda qiladigan ishimiz, sho'rga chidamli o'simliklar ustida fundamental tadqiqotlarni olib borish, uning natijalarini amaliyotga tatbiq etish talab etiladi.

– Yaponiya hukumati tomonidan ajratilgan grant haqida biroz ma'lumot bersangiz.

– 2019-yilning dekabr oyida O'zbekiston Respublikasi davlat rahbarining Yaponiyaga tashrifi bizning loyihamizga e'tiborni orttirdi. Prezidentimizning Orolbo'yi muammolariga jahon hamjamiyatining e'tiborini qaratish yo'lidagi amaliy qadamlari o'z samarasini berdi. Ushbu dasturni yaratish ustida qariyb uch yil ishladik, u Yaponiya Fan va texnologiyalar agentligi hamda Yaponiyaning 11 ta universiteti tomonidan qo'llab-quvvatlandi. Bu juda ham nufuzli grant dasturi bo'lib, albatta, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ma'lum ustuvorliklar beriladi. Ammo O'zbekistonga Yaponiyada rivojlangan mamlakat sifatida qaralmasligi bu dastur bo'yicha grantni qo'lga kiritishda rivojlangan mamlakatlar bilan bir maqomda kurashishimizga to'g'ri keldi. Bu dastur turli sohalardagi fundamental tadqiqotlarni qo'llab-quvvatlashi ham ahamiyatga molik.

Orol dengizi muammosi uzoq vaqtdan beri mavjud bo'lib, so'nggi yillarda milliy va mintaqaviy chegaralar doirasidan chiqib ketdi. Chunki ko'plab kontinental ko'llar, deylik Kongo, eron, Italiyada ham bu kabi holatlar takrorlanishi xavfi mavjud. BMT Bosh assambleyasi Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish to'g'risidagi maxsus rezolyutsiyani qabul qilarkan, Orol dengizi havzasi muammolarining echimini boshqa davlatlardagi shu kabi muammolarni echishga joriy etish imkoniyatini ham nazarda tutadi.

– Bilasizmi, Orol dengizi muammosiga qaratilgan loyihalarning sanog'iga etib bo'lmaydi. Jurnalist sifatida bunday loyihalar tomonidan tashkil etilgan turli tadbirlarga borganmiz, ko'rganmiz. Lekin chetdan qaraganda ularning foydasi yo'qdek tuyulaveradi. Siz ishtirok etayotgan dastur ham mana shunday iz qoldirmaydigan loyihalardan bo'lmasligiga kafolat bormi?

– Siz atayotgan loyihalarning aksariyati donorlik dasturlaridir. Donorlik dasturlari ham kerak, ammo bundan loyihalar o'z maqsadlari bilan keladi va shu maqsadga erishganidan keyin yakun topadi. Balki yana biror yilga uzaytirilar ham. Ammo alal oqibat yakuniga etadiyu, loyihadan, aytganingizdek, iz ham qolmaydi. “SATREPS” esa besh yillik yirik loyiha bo'lib, u fundamental izlanishlar, ta'lim, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish, xususiy sektor manfaatlarini bir-biriga bog'lashga qaratilgan. Yaponiyalik olimlar bunda o'zbekistonlik olimlar bilan hamjihatlikda ishlaydi, olingan bilimlarning bari O'zbekistonda qoladi va amaliyotga joriy etiladi. Dastur doirasida O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi boshchiligida mahalliy olimlar jamoalari Orolbo'yi muammolariga echim qidiradilar. Ya'ni ushbu mintaqa uchun topilgan echim, keyinchalik boshqa hududlar uchun prototip bo'ladi. Bir so'z bilan aytganda, ikki davlat – Yaponiya va O'zbekiston o'z ilmiy salohiyati va inson kapitalini hamkorlikda rivojlantiradi. Yaponiyaning 11 ta eng etkchi universitetlari olimlari hozirda shu loyihaga o'z hissalarini qo'shishga bel bog'lashgan. O'z navbatida, Innovatsion rivojlanish vazirligi ham bu ishlarga bosh-qosh bo'ladi.

Ushbu loyiha iqlim o'zgarishini kuzatish markazini tashkil etishni, meteorologik monitoringni o'tkazishni, shuningdek, Orol dengizi hududida suv ta'minoti cheklangan sharoitda mahalliy jamoatchiliklarning farovonlik darajasini ko'tarish va erlarning hosildorligini oshirish maqsadida sho'rlanish bilan kurashish uchun qishloq xo'jaligida yangi texnologiyalarni joriy etishni ko'zda tutadi.

Loyiha O'zbekistonda, xususan, Qoraqalpog'istonda sho'rlanish darajasi yuqori bo'lgan sharoitlarda meteorologik kuzatuvlar va to'g'ridan-to'g'ri prognozlash bilan bir qatorda  innovatsion qishloq xo'jaligi texnikalarini yaratish va sinovdan o'tkazishga qaratilgan. Ushbu loyihani amalga oshirish to'g'ridan-to'g'ri iqlim o'zgarishiga moslashish choralarini topishga va sho'rlanish muammolari va daryolarning quyi oqimlarida suv resurslaridan foydalanish imkoniyati mavjudligini hal qilishga qaratilgan. Loyiha Yaponiya hukumatining SATREPS dasturi doirasida bir qancha O'zbekiston va Yaponiya oliy o'quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo'yi xalqaro innovatsion markazi, bir qator vazirliklar va idoralar konsortsiumi ishtiroki asosida O'zbekiston va Yaponiya xususiy sektorining yordami bilan amalga oshirilmoqda. O'zbekistondagi tadqiqot guruhlari faoliyatini moliyalashtirish O'zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi

Поделиться