Tehron shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov rahbarligidagi O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Eron innovatsiya va texnologiyalar uyiga tashrif buyurdi.
Delegatsiya a'zolari eronlik hamkasblarining ilm-fan, sanoat va raqamli texnologiyalar, savdo va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi ilg‘or yutuqlari bilan tanishdilar.
Markazga tashrif chog‘ida Eron Islom Respublikasining innovasiyalar va texnologiyalar bo‘yicha vise-prezidenti Suren Sattoriy bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar istiqbolli yo‘nalishlarda, jumladan, biotexnologiyalar, sog‘liqni saqlash, IT sohasi, nanotexnologiyalar va qishloq xo‘jaligi sohalarida ikki tomonlama ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlarini muhokama qildilar. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan tajriba va texnologiyalar almashish hamda qo‘shma innovatsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni tizimlashtirishga imkon beradigan yaqin idoralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish dolzarbligi qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda o‘z faoliyatini kengaytirish va O‘zbekistonning yetakchi sanoat korxonalari bilan tajriba va mutaxassislar almashishga Eronning yuqori texnologiyali innovatsion kompaniyalarini jalb qilishga o‘zaro qiziqish bildirildi. Tehrondagi "Pardis" texnoparki va Toshkentdagi "Yashnobod" innovatsion texnoparki o‘rtasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Eron tomoni Eronda o‘tkaziladigan "Iran Lab Expo", "Innotex" va "Innoweek" kabi ilm-fan va innovatsiya sohasidagi xalqaro tadbirlarda ishtirok etish uchun O‘zbekistonning yetakchi universitetlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va xususiy sektor vakillarini jalb qilish, shuningdek, doimiy ravishda qo‘shma seminarlar va ilmiy konferensiyalar tashkil etishni taklif qildi.
Farmasevtika sohasida hamkorlikni faollashtirishga alohida e'tibor qaratildi. Yuqori talabga ega dori-darmon ishlab chiqarishda Eronning ilg‘or tajribasini joriy qilish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.
Muzokaralar yakunida amaliy hamkorlikni rivojlantirish va innovatsiya, fan va texnologiyalar sohasida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida muloqotni rivojlantirishga kelishib olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi