Mahalliylashtirish darajasini muttasil chuqurlashtirib borish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining navbatdagi majlisi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini muttasil chuqurlashtirib borish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi muhokamasiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining navbatdagi majlisi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini muttasil chuqurlashtirib borish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi muhokamasiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Majlisda 2021-yil yakunlariga ko‘ra Ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturida nazarda tutilgan 1 938 ta loyiha doirasida 30,1 trillion so‘mlik, shu jumladan, tarmoq korxonalari negizida amalga oshirilgan 538 ta loyiha doirasida 13,2 trillion so‘mlik hamda hududiy korxonalar negizidagi 1 400 ta loyiha doirasida 16,9 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilganligi va belgilangan reja-ko‘rsatkichlar ijrosi 123,2 foizni tashkil etganligi qayd etildi. Buning natijasida:
iqtisodiyot tarmoqlarida, shu jumladan, “O‘zeltexsanoat” Uyushmasida – 4,6 trillion so‘mlik, “O‘zbekneftgaz” AJda – 3,2 trillion so‘mlik, “O‘zkimyosanoat” AJda – 1,8 trillion so‘mlik, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” Uyushmasida – 1,2 trillion so‘mlik, “O‘zavtosanoat” AJda – 715,6 milliard so‘mlik, “O‘zto‘qimachiliksanoat” Uyushmasida – 595,1 milliard so‘mlik, “Olmaliq KMK” AJda – 217,1 milliard so‘mlik;
hududiy korxonalar kesimida, shu jumladan, Toshkent shahrida – 4,1 trillion so‘mlik, Jizzax viloyatida – 3,4 trillion so‘mlik, Andijon viloyatida – 2,7 trillion so‘mlik, Toshkent viloyatida – 1,1 trillion so‘mlik, Farg‘ona viloyatida – 971,6 milliard so‘mlik, Samarqand viloyatida – 857,5 milliard so‘mlik, Navoiy viloyatida – 757,6 milliard so‘mlik, Namangan viloyatida – 564,4 milliard so‘mlik salmoqli loyihalar amalga oshirilganligiga;
mahalliylashtirish loyihalari hisobiga 2,8 milliard AQSh dollariga teng import tovarlar o‘rni bosilganligi hamda dastur doirasida 411 million AQSh dollarilik mahsulot eksport qilinganligi, shu jumladan, “Isuzu D-Max” avtomobillari, Full-HD va Ultra-HD formatli televizorlar, qurilish oynasi, santexnika uskunalari, keramika plitalari, yengil va charm sanoati mahsulotlari eksportga yo‘naltirilganligiga alohida e'tibor qaratildi.
Shu bilan birga, vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalarining 44 ta, hududiy korxonalarning 71 ta loyihasi doirasida rejalashtirilgan mahsulotlarning mahalliylashtirilishi ta'minlanmaganligi sababli qiymati 1,5 trillion so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilmaganligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mamlakatda yuqori texnologik ishlab chiqarishni rivojlantirish, investisiya jalb etishni qo‘llab-quvvatlash, talab yuqori bo‘lgan keng turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish va sanoat kooperatsiyasini faol kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil 24-yanvarda qabul qilingan “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-99-son qarori
2022-yilda iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish va mavjud quvvatlarni kengaytirish bo‘yicha loyihalar ro‘yxati (20,4 trillion so‘mlik 1 026 ta loyiha);
2022-yilda hududiy korxonalar tomonidan yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish va mavjud quvvatlarni kengaytirish bo‘yicha loyihalar ro‘yxati (16,1 trillion so‘mlik 1 429 ta loyiha);
2022-yilda mahalliy mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga qaratilgan loyihalar ro‘yxati (4,4 trillion so‘mlik 644 ta loyiha);
respublikada talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha takliflari (117 turdagi) hamda o‘zlashtirish uchun tavsiya etilayotgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar ro‘yxati (980 turdagi) tasdiqlanganligi ta'kidlab o‘tildi.
Majlis kun tartibi doirasida investisiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A. Voitovning 2021-yilda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi to‘g‘risida, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi A. Mavlonovning Mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilayotgan tovarlarga o‘xshash tovarlar importini qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida, “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruv raisi J. Mirzamahmudovning 2022-yilda tarmoq va hududiy tashkilotlar tomonidan importni optimallashtirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotlari tinglandi.
Majlisda hisobot davrida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hamda turdosh mahsulotlar importi hajmini qisqartirish borasidagi vazifalar ijrosini ta'minlamagan tarmoq va hududlar rahbarlariga nisbatan ta'sir choralari qo‘llanilishi belgilab olindi.
Muhokama natijalariga ko‘ra:
ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘lamini yanada oshirish va sifat jihatdan raqobatbardoshligini kuchaytirish, shuningdek, hududlar va tegishli tarmoq korxonalarida import o‘rnini bosuvchi mahsulot turlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha yangi loyihalarni nazarda tutuvchi o‘rta muddatli tarmoq dasturlarini;
2022-yilda hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini o‘tkazish amaliyotini davom ettirish bo‘yicha reja-tadbirlarni;
tarmoq va hududlarning o‘xshash tovarlar importi tarkibini optimallashtirish maqsadida xaridlarni ustuvor ravishda mahalliy korxonalar mahsulotlari hisobiga, shu jumladan, elektron kooperatsiya portali orqali amalga oshirilishini ta'minlab borish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Majlis yakunlariga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi Rayosatining tegishli qarori qabul qilindi.