Tehron shahrida O‘zbekiston Respublikasi bilan Eron Islom Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 14-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishga O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov, Eron tomonidan Eron Islom Respublikasi sanoat, konlar va savdo vaziri Said Rizo Fotimi Amin hamraislik qildi. Tadbirda ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibi doirasida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi, yuqorida qayd etilgan sohalarda ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha navbatdagi tadbirlar belgilandi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilar ekan, tomonlar ushbu sohadagi ijobiy tendensiyalarni qayd etdilar. Jumladan, joriy yil boshidan O‘zbekiston-Eron tovar aylanmasining ijobiy dinamikasi qayta tiklandi. Tomonlar savdo sohasida hamkorlikni rivojlantirishning mavjud imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar hamda sitrus mevalar, dukkakli mahsulotlar, quritilgan mevalar, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoati, asbob-uskunalar, qurilish materiallari yetkazib berishni o‘zaro ko‘paytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Savdo aylanmasining barqaror o‘sishini ta'minlash maqsadida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasini qisqa muddatda imzolash uchun uni kelishishni tezlashtirish, shuningdek, o‘zaro savdo hajmini oshirishning yangi o‘zaro manfaatli mexanizmlarini ishlab chiqish yuzasidan yakdil qarorga kelindi. Shuningdek, joriy yilda ikki mamlakatning turli hududlarida o‘zbek va eronlik ishlab chiqaruvchilarning tarmoq ko‘rgazmalarini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishiga kelishildi.
Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan konstruktiv fikr almashildi. Tomonlar joriy yilning yanvar' oyida bo‘lib o‘tgan ikki mamlakat transport va bojxona idoralari rahbarlari o‘rtasidagi muvaffaqiyatli muzokaralarni olqishladilar va o‘zaro yuk tashish hajmini oshirish bo‘yicha keyingi amaliy harakatlarni muhokama qildilar. O‘zbekistondan eksport qilinadigan tovarlarni Eron hududi orqali tranzit qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
HK platformasida transport va logistika bo‘yicha qo‘shma kichik qo‘mitani tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Uning vazifasi O‘zbekiston, Eron va mintaqa davlatlari o‘rtasida transport aloqalarini mustahkamlash, yangi kam harajatli yo‘nalishlarni ishlab chiqish hamda ikki davlatning transport va tranzit salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha istiqbolli takliflarni o‘rganish va shakllantirishdan iborat bo‘ladi. Shuningdek, ikki mamlakat transport idoralari tomonidan ushbu takliflarni amalga oshirishning aniq chora-tadbirlari va muddatlarini o‘z ichiga olgan qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqilishiga kelishildi.
Shuningdek, kimyo, yengil sanoat, elektrotexnika, oziq-ovqat, farmasevtika, metallurgiya, mashinasozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, suvni tejaydigan texnologiyalar va agrosanoat sohasi kabi ustuvor tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va qo‘shma investitsiya loyihalari sonini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi. Olib borilgan muzokaralar yaqin kelajakda ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qo‘shma sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha kelishuvga erishish imkonini berdi. Shuningdek, HK doirasida investitsiyalar bo‘yicha qo‘shma qo‘mitasini tashkil etish va joriy yilning birinchi yarmida uning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida kelishildi.
Bundan tashqari, investitsiyaviy va ishlab chiqarish salohiyatini o‘rganish hamda hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qilish maqsadida O‘zbekiston hududlariga Eronning sanoat jihatidan rivojlangan hududlari ma'muriyatlari rahbarlaridan iborat biznes-missiyalar tashkil etiladi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi. Ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlab joriy yilda O‘zbekiston-Eron Madaniyat kunlarini o‘tkazish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Turizm sohasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi hamda ushbu sohada idoralararo hamkorlikning alohida dasturini ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida HK hamraislari muzokaralar davomida erishilgan va O‘zbekiston-Eron hamkorligini har tomonlama chuqurlashtirishga qaratilgan barcha ikki tomonlama kelishuvlarni qamrab olgan qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni qisqa muddatda ishlab chiqish va imzolashga kelishib oldilar. Shuningdek, HK platformasida investitsiyalar bo‘yicha qo‘shma qo‘mitani tashkil qilish to‘g‘risidagi Bitim hamda tadbir davomida erishilgan barcha hukumatlararo va idoralararo kelishuvlarni aks ettiruvchi yig‘ilish bayonnomasi imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi