O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangihayot: inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan loyihalar ijobati
2022-02-21 | Jamiyat
Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalar hayoti, sanoat loyihalari bilan tanishish maqsadida 18-fevral kuni Toshkent shahrining Yangihayot tumanida bo‘ldi.
Yangihayotda bugun hayot qaynamoqda. Avval Sergeli tumani tasarrufidagi bu hududda qisqa fursatda yuzlab ko‘p qavatli uylar qad rostladi, minglab oilalar kichik vatanli bo‘ldi. Metro liniyalari tortildi. Yo‘llar, ko‘priklar qurildi, yashash uchun qulay infratuzilma yaratildi.
Davlatimiz rahbari Yangihayotga oldingi tashrifida aholi soni ortayotganini hisobga olib, yangi korxonalar, ishlab chiqarish obektlarini qurish, ish joylarini yaratish lozimligini aytgan edi. Bugunga kelib Prezidentimiz tashabbuslari birma-bir hayotga tatbiq etilmoqda. Ayni paytda tumanda yirik sanoat korxonasi – 10 taga yetdi. 2 mingdan ortiq kichik biznes sub’ekti faoliyat ko‘rsatmoqda.
Davlatimiz rahbari dastlab tumandagi «Almerro grup» mas’uliyati cheklangan jamiyatining qandolat korxonasini ko‘zdan kechirdi.
Umumiy qiymati 70 milliard so‘m bo‘lgan ushbu korxona ikki bosqichdan iborat. O‘tgan yili noyabrda birinchi bosqichi ishga tushirilgan. Yangi bino qurilib, Turkiyadan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatilgan.
bugungi kunda korxona yiliga 2 ming tonnaga yaqin qandolat mahsulotlari tayyorlash quvvatiga ega. Bu yerda shokolad, konfet, pechene, vafli kabi 95 turdagi mahsulot ishlab chiqariladi. 120 kishi ish bilan ta’minlangan.
Prezident qandolat mahsulotlari sifatini ko‘rdi.
– Sifati yaxshi, chet elniki bilan bemalol raqobatlasha oladi. Faqat narxni tushirish bo‘yicha yana imkoniyat bor. Masalan, import qilinayotgan qo‘shimchalarni xomashyo shaklida olib, shu yerning o‘zida tayyorlash yo‘lga qo‘yilsa, tannarxni 10-15 foiz arzonlashtirish mumkin. Shunda mahsulotlar yaxshi sotilib, qo‘shimcha ish o‘rinlari ochish imkoniyati paydo bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Korxonaning ikkinchi bosqichi foydalanishga topshirilganidan so‘ng yillik quvvat 10 ming tonnaga yetadi. Mahsulotlarning bir qismini qo‘shni davlatlar va Mo‘g‘ulistonga eksport qilish mo‘ljallangan.
2021-yil 4-fevral kuni O‘zbekiston Prezidentining “Toshkent shahrida “Yangihayot” industrial texnoparkini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Davlatimiz rahbari Yangihayot tumaniga tashrifi chog‘ida ushbu texnopark quriladigan maydonda bo‘ldi.
Bu majmua uchun 210 gektar maydon ajratilgan. Shundan 150 gektari ikki bosqichda auksion savdolariga chiqariladi. Tadbirkorlar sotib olingan yerning mulkdori bo‘ladi va korxonalarni o‘zlari quradi.
– Toshkentda yer tanqis, kelgusida bunday maydonlar topilmaydi. Har bir qarich yerdan unumli foydalanish kerak. Shuning uchun korxonalar ko‘p qavatli qilib qurilgani ma’qul, – dedi Prezident.
Bu yerda joylashtiriladigan korxonalarda 20 ming ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan. Umuman olganda, texnopark ishlab chiqarishni kengaytirish, sanoat tarmoqlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shu asosda aholini ish bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu yerda Yangihayot tumanidagi korxonalar mahsulotlari ham namoyish etildi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev tumandagi Do‘stlik mahallasi hayoti bilan tanishdi.
Bu yerda 11 ta ko‘p qavatli uy bo‘lib, 4 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Mahalla hududida kasb-hunar kolleji, maktabgacha ta’lim muassasasi, dorixonalar, do‘kon va maishiy xizmat shoxobchalari bor.
Ilgari bu yer biroz e’tibordan chetda qolgan edi. O‘tgan yili “Obod mahalla” dasturi doirasida hudud obodonlashtirildi. Bolalar o‘yingohi, sport maydonchasi, savdo va kasanachilik do‘konlari barpo etildi.
Davlatimiz rahbari ushbu bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi bilan suhbatlashdi.
– Xalqimiz mana shunday obod, chiroyli joylarda yashashga munosib. Ishlarni mahallabay tashkil etayotganimizdan maqsad shu. Endi bu yerda muhit, qo‘ni-qo‘shnichilik, ahillik ham mustahkam bo‘lishi kerak. Milliy qadriyatlarimizdagidek tadbirlar uyushtirish mumkin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Fuqarolar yig‘inining yangi binosida mahalla faollari, nuroniylar bilan muloqot bo‘ldi.
– Bu – davlatning zamini, – dedi Prezidentimiz. – Mahalla obod bo‘lsa, mamlakat obod bo‘ladi. Ko‘rayapsizlar, zamon tahlikali bo‘lib turibdi. Qiyinchiliksiz oila bo‘lmaganidek, qiyinchiliksiz davlatning o‘zi yo‘q. Biz ham sabr bilan, ilm bilan, mehnat va harakatimiz bilan rejalarimizni amalga oshirayapmiz.
Mamlakatimizdagi yangi tizim asosida Yangihayot tumanidagi 30 ta mahallaga ham hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari tayinlangan.
– Ilgari odamlar muammolar bo‘yicha hokimiyatga borardi, xatlar yozardi. Endi har bir mahallada Prezidentning vakillari bor. Endi ular xonadonlarni o‘rganib, yordamga muhtoj oilalarga ko‘maklashish, ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish, imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish bo‘yicha ishlarni yo‘lga qo‘yishlari zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
Davlatimiz rahbari Toshkent aylanma yo‘li bo‘yida “boks strit” qurish loyihasi bilan ham tanishdi.
Yo‘l bo‘yida tashkil etiladigan bunday majmualar dunyo tajribasida bor. Unda kechayu kunduz ishlaydigan savdo, ovqatlanish va maishiy xizmat shoxobchalari bo‘ladi. Ularni arzon va tez qurish maqsadida yuk konteynerlaridan foydalanilmoqda.
Buning uchun 7 gektar yer ajratilishi rejalashtirilgan. Ob’ektlar tadbirkorlarga elektron-onlayn auksion orqali sotiladi. Ularda 500 dan ortiq ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.
Prezident Toshkent shahrida harakatlanayotgan elektrobusni ham ko‘zdan kechirdi. «Yashil» transport tizimini rivojlantirish, metropolitenning keyingi bosqichlari va tramvay yo‘nalishini belgilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shavkat Mirziyoyev Yangihayot tumanidagi “Toshkent indeks” savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasini borib ko‘rdi.
Majmua hududi 72 gektar. Bu yerda qariyb 1 trillion 300 milliard so‘m evaziga savdo do‘konlari, logistika va ekspo markazlari, mehmonxona, oshxona barpo etilmoqda. Ularda jami 13 mingta yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Loyihaning birinchi bosqichi bu yil Navro‘z bayrami arafasida ishga tushiriladi.
Shu yerda Yangihayot va Sergeli tumanlarini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
O‘tgan yili Yangihayot tumanida 600 ta loyiha amalga oshirilib, 3 mingdan ziyod ish o‘rni ochilgani qayd etildi. Sergeli tumanida 65 ta loyiha natijasida 2 ming 600 ta ish o‘rni tashkil etilgan. Maktabgacha ta’lim muassasalari, poliklinikalar, sport maydonchalari qurilgan. Ichki yo‘llar, kommunal tarmoqlar ta’mirlangan.
Yig‘ilishda joriy yilgi vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.
Bu yil Yangihayot tumanida jami qiymati 3,8 trillion so‘m bo‘lgan 61 ta loyihani amalga oshirib, 26 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
“Yangi shahar” loyihasi doirasida 5 million kvadrat metr uy-joy, ko‘plab ijtimoiy soha ob’ektlari quriladi. “Yo‘ldosh” mavzesidagi eski yog‘och uylar buzilib, ularning egalarini zamonaviy turar joylarga ko‘chirish dasturi boshlanadi.
Aholi zich mahallalarda uchta bolalar bog‘chasi, ikkita maktabda qo‘shimcha bino quriladi. Jamoatchilik fikri asosida aholi muammolarini hal etishga 3,2 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Sergeli tumanida umumiy qiymati 6,4 trillion so‘m bo‘lgan 79 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 31 mingta doimiy ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan. Jumladan, “Alyuteks” korxonasida alyumin profillar, “Rezalit stroy grup” korxonasida elektrokar ehtiyot qismlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
2 ta maktab, 2 ta bolalar bog‘chasi va oilaviy poliklinika quriladi. “Alisher Navoiy” mavzesida Yangi O‘zbekiston massivini qurish ishlari boshlanadi.
Yig‘ilishda Toshkent shahri tumanlarining hokim va sektor rahbarlari so‘zga chiqdi. Hokim yordamchilari ishtirokida iqtisodiy, yoshlar yetakchilari bilan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish rejalari haqida axborot berdi.
Unga ko‘ra, hokim yordamchilari mahallalarda tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etish, bandlikni ta’minlash, fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitishga yo‘naltirishda faollik ko‘satadi.
Yoshlar yetakchilari ham o‘z mahallasidagi yoshlarning muammolarini doimiy o‘rganib, ularning biznes g‘oyalarini amalga oshirishga ko‘mak beradi va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, sport va kitobxonlikka jalb etishda tashabbuskor bo‘ladi.
Prezidentimiz ularga muhim tavsiyalar berdi va bu muhim faoliyatda shijoat, tashabbuskorlik, vatanparvarlik kabi fazilatlar muhim ekanini qayd etdi.
Manba: O'zA