O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident qandolat korxonasi faoliyati bilan tanishdi
2022-02-18 | Siyosat
Davlatimiz rahbari mahallalar hayoti, sanoat loyihalari bilan tanishish maqsadida Toshkent shahri Yangihayot tumanida bo‘lib turibdi.
Prezidentimiz dastlab «Almerro grup» mas’uliyati cheklangan jamiyatining qandolat korxonasini ko‘zdan kechirdi.
Umumiy qiymati 70 milliard so‘m bo‘lgan ushbu korxona ikki bosqichdan iborat. O‘tgan yili noyabrda birinchi bosqichi ishga tushirilgan. Yangi bino qurilib, Turkiyadan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatilgan.
Bugungi kunda korxona yiliga 2 ming tonnaga yaqin qandolat mahsulotlari tayyorlash quvvatiga ega. Bu yerda shokolad, konfet, pechene, vafli kabi 95 turdagi mahsulot ishlab chiqariladi. 120 kishi ish bilan ta’minlangan.
Davlatimiz rahbari qandolat mahsulotlari sifatini ko‘rdi.
- Sifati yaxshi. Faqat narxni tushirish bo‘yicha yana imkoniyat bor. Masalan, import qilinayotgan qo‘shimchalarni xomashyo shaklida olib, shu yerning o‘zida tayyorlash yo‘lga qo‘yilsa, tannarxni 10-15 foiz arzonlashtirish mumkin. Shunda mahsulotlar yaxshi sotilib, qo‘shimcha ish o‘rinlari ochish imkoniyati paydo bo‘ladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Korxonaning ikkinchi bosqichi foydalanishga topshirilganidan so‘ng yillik quvvat 10 ming tonnaga yetadi. Mahsulotlarning bir qismini qo‘shni davlatlar va Mo‘g‘ulistonga eksport qilish mo‘ljallangan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti