O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Jahon savdo tashkiloti (JST) Bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lish jarayonining hozirgi holati, shuningdek, muzokaralarni faollashtirish yuzasidan tashkilot Kotibiyati bilan birgalikda ishlab chiqilgan hamda 2022-yilga mo‘ljallangan yangi “Yo‘l xaritasi”da ushbu yo‘nalishda belgilangan tadbirlarni ilgari surish bo‘yicha dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhining bo‘lajak 5-yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi. O‘zbekiston tomonidan JST Kotibiyatiga mazkur yig‘ilishni o‘tkazish uchun taqdim qilingan yangi hujjatlar ustida ishlash jarayoni, shuningdek, mazmunga doir va tashkiliy xarakterdagi boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
JST rahbariyati tashkilotga a'zo bo‘lish jarayonida O‘zbekistonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yuzaga kelayotgan muammolarni zudlik bilan hal etish uchun ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishga sodiqligini bildirdi. Shu o‘rinda, N.Okonjo-Iveala JST Kotibiyatining Tashkilotga a'zo mamlakatlar bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama muzokaralar olib borishda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatishni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekiston tomoni mamlakatimizda JSTga a'zo bo‘lish jarayoniga ustuvor ahamiyat berilayotganini ta'kidladi. Xususan, ushbu masala yangi O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot Strategiyasida belgilangan asosiy vazifalar qatoriga kirgani ma'lum qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama etilgan masalalarni hal qilinishini tezlashtirish maqsadida yaqin va muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi