O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Chimgan Chellenge”ga qiziqish ortib bormoqda
2022-02-15 | Sport
Xabar berganimizdek, joriy yilning 16-18- fevral kunlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida an’anaviy “Chimgan Chellenge” xalqaro sport festivali o‘tkaziladi.
Festivalda shaxmat, badminton, snoubord, tog‘ chang‘isi, mini-futbol va xalq milliy o‘yinlari bo‘yicha bahslar bo‘lib o‘tadi.
– Ushbu festival uchinchi marta tashkil etilmoqda. Aholi o‘rtasida, ayniqsa qishki sport turlariga qiziquvchilar orasida “Chimgan Chellenge” festivaliga bu gal har qachongidan ham e’tibor yuqori. Unda asosan, respublikamizdagi vazirliklar, idoralar hamda yirik korxona-tashkilotlarning sport targ‘ibotchilari qatnashishi nazarda tutilgan. Festival doirasida sport targ‘ibotchilari uchun maxsus o‘quv-seminar tashkil etiladi.
Maqsad, sport targ‘ibotchilari orasida jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishni keng targ‘ib qilish, ular ishlayotgan korxonalarda sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishdan iborat. Bugungacha olingan ma’lumotlarga ko‘ra, festivalda 200 nafar atrofidagi sport targ‘ibotchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, mahalliy va xorijiy chang‘ichi va snoubordchilar, xalq o‘yinlari vakillari, aholi vakillari ishtirok etish istagini bildirishgan. Umumiy ishtirokchilar 700-1000 nafar atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Yana bir e’tiborli holat. Har kuni qishki sport turlariga qiziquvchi o‘nlab kishilar festivalda qatanish uchun murojaat etishmoqda, – deydi Turizm va sport vazirligi boshqarma boshlig‘i, festival bosh hakami o‘rinbosari Zarrina Abdullayeva.
Manba: O'zA