O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“O‘zbekgidroenergo” AJ va Koreya Respublikasining “K-Water” korporatsiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi
2022-02-15 | Ekologiya
Bugun, 15-fevral sanasida “O‘zbekgidroenergo” AJ va Koreya Respublikasining suv loyihalarini amalga oshiruvchi yirik “K-water” korporatsiyasi o‘rtasida mamlakatimizda yangi qurilishi rejalashtirilgan Xo‘jakent gidroto‘plash stansiyasi (GAES) loyihasini hamkorlikda amalga oshirish yuzasidan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.
Dastlab, mazkur loyiha yuzasidan ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Taʼkidlash lozimki, mazkur loyiha Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Xo‘jakent obyektida barpo etiladi. GAESning quvvati 200 MVt bo‘lib, yillik o‘rtacha ishlab chiqarish quvvati 400,0 mln. kVt.soat elektr energiyasiga teng.
Ikki tomonlama bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi rahbariyati hamda “K-water” kompaniyasining vitse-prezidenti Lee Jong Jin, kompaniya bosh direktori Cheon Geun Ho, kompaniya katta menejeri Kim Jeong Myeong, global biznes tarmog‘i bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Kim Jeong Myeong lar ishtirok etishdi.
Muzokaralar yakuni bo‘yicha hamkorlik shartnomalarini muhokama qilish uchun dastlab Xo‘jakent GAES qurilishi loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish zarurligi to‘g‘risida ikki tomonlama qaror qabul qilindi. Muzokaralar yakunida Xo‘jakent GAES qurilishi loyihasi yuzasidan “O‘zbekgidroenergo” AJ va Koreya Respublikasining “K-water” korporatsiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan 2021-yil 16-18 dekabr kunlari davlat tashrifi bilan Janubiy Koreyada bo‘lib, mazkur tashrifi chog‘ida “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, taʼlim, sog‘liqni saqlash va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik bo‘yicha dastur va loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratgan edi.
Mazkur memorandum va o‘zaro hamkorlik ishlari Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida yurtimizda “yashil” energetika sohasini kelgusida yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi doirasida, shuningdek, Jamiyat tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan yirik loyihalardan biridir.