Sog‘liqni saqlash vazirligida Germaniya Federativ Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik aloqalari nafaqat siyosiy-iqtisodiy va madaniy-ma'rifiy sohalar, balki tibbiyot yo‘nalishida ham muvaffaqiyatli rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Xususan, Germaniya mamlakatimizga pandemiya oqibatlarini yengib o‘tishda katta amaliy yordam ko‘rsatdi. Ushbu davlat ko‘magi bilan COVAX dasturi doirasida yurtimizga AstraZeneca vaksinasi yetkazib berildi.
Bundan tashqari, 160 ming yevro miqdorida insonparvarlik yordami, zamonaviy PZR laboratoriyalari, diagnostika jihozlari, COVID-19 dan himoyalanish vositalari ham taqdim etildi. Ayniqsa, koronavirusga qarshi kurashda yuqori samara beruvchi 10 ming doza sun'iy “antitanachalar kokteyli” preparati yuborilgani xastaliklarni davolashda katta natija berdi.
Yevropaning yuqumli kasalliklarni o‘rganish sohasidagi nufuzli ilmiy-tadqiqot muassasasi — Robert Kox instituti va mashhur “Sharite” klinikasi mutaxassislari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatilishi ham tibbiyot sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim omil bo‘lmoqda.
“Heinemann Medizintechnik”, “Karl Storz”, “Greiner” va “KfW Bank Group” kompaniyalari ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy qiymati qariyb 2 mln. yevroga teng “Germaniya —O‘zbekiston tibbiy konsultativ-diagnostika markazi” tashkil etilishi hamda bu yerda nemis shifokorlari tomonidan operatsiyalar o‘tkazilishi esa Orolbo‘yi mintaqasi aholisi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratyapti.
Shu bilan birga, “Friedensdorf International” xalqaro xayriya tashkiloti ko‘magida uyushtirilayotgan insonparvarlik aksiyasi doirasida o‘zbekistonlik bemor bolalar Germaniyaga davolanish uchun yuborilmoqda. Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan birgalikda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar ham katta samara bermoqda.
Qolaversa, mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilishga doir qator loyihalar Germaniya taraqqiyot banki (KfW) tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanyapti. Jumladan, yurtimizda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish yo‘nalishida 27 million yevro miqdoridagi grant ajratilgan. Uning doirasida respublika va viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi, mutaxassislar malakasi oshirildi.
Silga qarshi kurash sohasiga ajratilgan 3 million yevro miqdoridagi grant asosida esa shu yo‘nalishdagi shifo maskanlari zamonaviy diagnostika uskunalari va tibbiyot jihozlari bilan ta'minlandi.
KfW bankining 34,5 mln. yevrolik navbatdagi loyihasi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiya qilish va faoliyati samaradorligini oshirishga yo‘naltirildi. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshirilgan loyihaga ko‘ra, bu yerga MSKT, angiograf, rentgenoskopik uskunalar, IVL qurilmalari o‘rnatildi.
2022-2025-yillarga mo‘ljallangan 13,5 million yevro miqdoridagi yana bir loyiha Termiz shahrida tibbiy ta'lim va malaka oshirish dasturlarini modernizatsiya qilishni ko‘zda tutadi. Uning doirasida Termiz shahridagi tibbiyot kolleji zarur jihozlar, jumladan, 200 nafar o‘rta tibbiyot xodimini o‘qitish imkonini beruvchi simulyatsiya vositalari bilan ta'minlanadi.
Uchrashuvda axborot-kommunikatsiya sohasida dunyoda alohida nufuzga ega nemis kompaniyasi — SAP bilan hamkorlikda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishga qaratilgan yirik loyihani amalga oshirishga doir rejalar muhokama etildi.
Shu bilan birga, muloqot davomida Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi bilan Germaniyaning yetakchi klinikalari o‘rtasida yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish va bu orqali bemor o‘g‘il-qizlarda murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, kadrlar tayyorlash, tibbiyot xodimlarining ushbu mamlakatda malaka oshirishini ta'minlash kabi qator masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Sоg`liqni sаqlаsh vаzirligi