O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
TDTU olimlari tijoratlashtirish uchun tayyor loyihalar taqdimotini o'tkazmoqdalar
2022-02-15 | Jamiyat
Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida Toshkent davlat texnika universiteti olimlari tomonidan yaratilgan innovatsion ishlanmalar ko'rgazmasi o'z ishini boshladi. Tijoratlashtirish maqsadida taqdim etilgan ishlanmalarning umumiy soni 50 taga yaqin bo'lib, ularning aksariyati universitetning yosh olimlari tomonidan yaratilgan.
Mazkur ishlanmalar energetika va muqobil energetika tizimlari, kimyo va kimyoviy sanoat, konchilik hamda neft va gaz sanoati texnika va texnologiyalari, robototexnika atrof muhit muhofazasi, materialshunoslik va zamonaviy yangi materiallar yo'nalishlaridagi innovatsion va startap loyihalar natijalaridir
Tijoratlashtirish uchun taqdim etilayotgan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslashlari hamda bozor va marketing tadqiqotlari o'tkazilib, Respublikamiz iqtisodiyotida aylanmaga kiritish imkoniyatlari bo'yicha aniq takliflar berilmoqda.
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida faoliyat ko'rsatayotgan ilmiy markaz va ilmiy laboratoriyalarda faoliyat olib borayotgan professor-o'qituvchilar, ilmiy xodimlar, yosh olimlar va iqtidorli talabalar respublikaning ilmiy-texnik rivojlanishiga xizmat qiladigan ustuvor yo'nalishlar bo'yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib bormoqdalar. Bajarilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining asosiy maqsad va vazifalari iqtisodiyot tarmoqlarining aniq vazifalarini bajarishga, ishlab chiqarish korxonalarining dolzarb muammolarini hal etishga yo'naltirilgan bo'lib, 2021 yilda 4 ta fundamental, 1 ta amaliy, 2 ta innovatsion, 1 ta startap, 8 ta xalqaro (qo'shma), 3 ta tijoratlashtirish, umumiy hajmi 17042,620 ming so'mli loyihalari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan shartnomalar imzolandi.
Universitetda bajarilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining maqsad va vazifalari sanoat korxonalarining texnik, texnologik hamda xom ashyo muammolarining echimiga qaratilgan bo'lib, 2021 yilda tarmoq vazirliklari va korxonalar buyurtmasi asosida 24 ta, jami xajmi 2972,64 million so'mlik ilmiy-tadqiqot ishlari tijoratlashtirildi. Universitet olimlarining intellektual mulk idorasida patentlangan 2 ta loyihasi bo'yicha ishlab chiqarishni tashkil qilish maqsadida 3500 mln. so'mlik lizing shartnomalari imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi