O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish to‘g‘risida

2022-02-14 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish, shuningdek, g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarni pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish maqsadida:

1. Belgilab qo‘yilsinki:

a) 2024-yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlarida (keyingi o‘rinlarda – Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari) g‘olib va sovrindor bo‘lgan O‘zbekiston sportchilari quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:

oltin medal uchun – 200 000 AQSH dollari;

kumush medal uchun – 100 000 AQSH dollari;

bronza medal uchun – 50 000 AQSH dollari;

b) mazkur bandda nazarda tutilgan xarajatlar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

2.Transport vazirligi (I.Maxkamov) Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik qilish jarayonida respublika hududida o‘tkazilayotgan sport musobaqalari, o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inlarida olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha terma jamoa a’zolarining ishtirokini ta’minlash uchun viloyatlararo yo‘nalishlar bo‘yicha (temir yo‘l va aviachipta) transport xarajatlariga 2022-yil 1-martdan 2024-yil 1-sentyabrga qadar chegirmalar joriy etsin.

3. Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini tayyorlash bo‘yicha Respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda ­– Respublika komissiyasi) tomonidan belgilanadigan homiy tashkilotlarning:

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqi uchun litsenziyani qo‘lga kiritishga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston sportchilariga zarur shart-sharoitlar yaratish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida homiylik xayriya yordamini ko‘rsatish;

homiylik xayriya yordami sifatida ajratiladigan mablag‘larni Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan reja-grafikka asosan to‘lab borish;

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, sport federatsiya (assotsiatsiya)lariga ajratilgan pul mablag‘laridan oqilona, tejamkor, samarali va maqsadli foydalanilganligi haqida har chorakda ularning hisobotini eshitib borish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

Homiy tashkilotlarning tegishli boshqaruv organlari bir oy muddatda homiylik xayriya yordami sifatida ajratiladigan mablag‘larni tasdiqlangan reja-grafikka asosan to‘lab borish to‘g‘risida qarorlarni qabul qilsin, ajratilgan pul mablag‘laridan oqilona, tejamkor, samarali va maqsadli foydalanilishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatsin, natijalari haqida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilsin.

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini tayyorlash bo‘yicha Respublika komissiyasi (A.Aripov, A.Abduxakimov) Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik qilish jarayonida yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan homiy tashkilotlarni mukofotlash choralarini ko‘rsin, zarur hollarda taklif kiritsin.

4. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi PQ-5281-son qarori bilan tasdiqlangan 2024-yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini tayyorlash dasturida sportning dzyudo, taekvondo (WT), og‘ir atletika, sport kurashlari, stol tennisi turlarini rivojlantirish bo‘yicha vazifa belgilangan.

Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduxakimov O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda hamda tegishli sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari)ni jalb etgan holda:

2022-yil 1-mayga qadar – sportning dzyudo turini rivojlantirish bo‘yicha;

2022-yil 1-iyunga qadar – sportning taekvondo (WT) va sport kurashlari turlarini rivojlantirish bo‘yicha;

2022-yil 1-iyulga qadar – sportning og‘ir atletika va stol tennisi turlarini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

5.Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduxakimov O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston qishki sport turlari assotsiatsiyasi hamda tegishli sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari)ni jalb etgan holda 2022-yil Pekin shahrida (Xitoy) bo‘lib o‘tayotgan XXIV qishki Olimpiya va XIII Paralimpiya o‘yinlari natijalaridan kelib chiqib:

2022-yil 1-aprelga qadar – O‘zbekistonda qishki sport turlarini kompleks rivojlantirishni;

2022-yil 1-iyulga qadar – 2026-yil Milan shahrida (Italiya) bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

6.Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilangan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida qatnashish huquqini beruvchi litsenziyalarning, shuningdek, ishtirok etiladigan sport turlarining sonini kamaytirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli bo‘linmalari bilan kelishilgan holda Respublika komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

7.Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2028-yil Los-Andjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, quyidagilar nazarda tutilsin:

Olimpiya va Paralimpiya dasturlariga kiritilgan sport turlari bo‘yicha, ayniqsa, jamoaviy sport turlari (basketbol, gandbol, voleybol, chim ustida xokkey, regbi, suv polosi va boshqalar) bo‘yicha litsenziyalar sonini sezilarli darajada ko‘paytirish;

Los-Andjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini saralash va tayyorlash dasturi;

Los-Andjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar;

Los-Andjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘ruvchi O‘zbekiston milliy terma jamoalarining kontingenti;

Los-Andjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini tayyorlash maqsadida sport federatsiya (assotsiatsiya)lariga biriktirilgan sport bazalari ro‘yxati;

Los-Andjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini tayyorlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi hamda komissiya to‘g‘risida nizom tasdiqlanishi;

Los-Andjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun talabgorlar o‘rtasida ayol sportchilar ulushini oshirish, sportchilarni saralash va tayyorlashda gender tengligini ta’minlash;

sport farmakologiyasi, psixologiyasi, tibbiyoti va diyetologiyasini takomillashtirish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish.

8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari A.A.Abduxakimov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi R.M.Shaabduraxmanov va O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi M.M.Tashxodjayev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har yili 1-yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                          Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri, 

2022-yil 14-fevral

Manba: O'zA

Поделиться