O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yurtimizda 25 ming gektar mevali bog‘ va 50 ming gektar tokzor plantatsiyasi barpo etiladi

2022-02-14 | Iqtisodiyot

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-dekabrdagi "Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Bundan maqsad  respublikamizda meva-sabzavotchilik sohasida mahsulot ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, xizmat ko‘rsatish va sotish (eksport qilish) jarayonlarini o‘zaro integratsiya qilish, klasterlar (kooperatsiya) faoliyatini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va eksport hajmini oshirishdir.

Mazkur qarorga asosan:

- fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga — meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 14 foiz (shundan 2 foizi bank marjasi) stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga kreditlar ajratiladi;

- meva-sabzavotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga — yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun yillik 14 foiz (shundan 2 foizi bank marjasi) stavkada 12 oylik "revolver" kredit ajratiladi. Bunda ushbu kredit hisobidan klaster va kooperatsiyalarning tijorat banklaridan olingan boshqa kreditlarini so‘ndirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ushbu tadbirlarni moliyalashtirish uchun Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan jamg‘armaga 2 trln. so‘m byudjet ssudasi ajratiladi.

YANGI MEVALI BOG‘ VA TOKZORLAR...

O‘tgan qisqa vaqt mobaynida Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tomonidan mazkur hujjat yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar talaygina. Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda "klaster-fermer-tijorat banki" tizimida uch tomonlama shartnoma loyihasi ishlab chiqildi.

Respublikada 2022-yil uchun 25 ming gektar yangi mevali bog‘ va 50 ming gektar tokzorlar plantatsiyalarini barpo qilish bo‘yicha loyihalar shakllantirilib, 549 gektar bog‘-tokzorlar barpo etildi. Shuningdek, 13,2 ming gektar maydon ko‘chat ekishga tayyorlandi. Sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchi xo‘jaliklarning talablari o‘rganilib, 100 mln. dona eksportbop sabzavot-poliz ko‘chatlari issiqxonalarda yetishtirilmoqda.

PLYONKA OSTIGA URUG‘LIK KARTOSHKA EKISH ISHLARI BOSHLANDI

Surxondaryo va Toshkent viloyatlariga plyonka ostiga urug‘lik kartoshka ekish ishlari boshlandi. bugungi kunga qadar 199 ta qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari bilan 26 600 tonna urug‘lik kartoshkalar uchun 173,4 mlrd. so‘mlik bo‘yicha
197 ta fermer xo‘jaliklari bilan 2 mln. 700 ming dona sabzavot ko‘chatlarini yetishtirib berish uchun 2,5 mlrd. so‘mlik shartnomalar tuzildi.

250 NAFAR KONSULTANT-TRENERLAR TAYYORLANDI: ULAR MUTAXASSILAR MALAKASINI OSHIRADI

Meva-sabzavotchilik klasterlariga (kooperatsiyalarga) xorijdan malakali agronom, entomolog, laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish maqsadida Toshkent davlat agrar universitetida 2022 yil 10-15-yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan amaliy seminarda meva-sabzavotchilik klasterlarga o‘ziga biriktirilgan mahsulot yetishtiruvchilar uchun bog‘ va tokzorlarni barpo etish, sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazishga ko‘maklashuvchi 250 nafar konsultant-trenerlari tayyorlandi.

159 TA TALABGORLARDAN 64 TA ISTIQBOLLI DEB TOPILGAN

LOYIHALAR ANIQLANDI

Joriy yilning 22-28-yanvar kunlari Qishloq xo‘jaligi vazirligida Agentlik ishtirokida yangi meva-sabzavotchilik klasterini tashkil etish bo‘yicha hududlardan 159 ta talabgorlardan 64 ta istiqbolli deb topilgan loyihalar aniqlandi.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 ta, Andijonda 4 ta, Buxoroda 5 ta, Jizzaxda 4 ta, Qashqadaryoda 15 ta, Navoiyda 2 ta, Namanganda 4 ta, Samarqandda 2 ta, Surxondaryoda 3 ta, Toshkentda 9 ta, Farg‘onada 4 ta hamda Xorazmda 8 ta tashabbuskorlar klaster tashkil etish istagini bildirgan.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qadoqlash, quritish, saqlash va qayta ishlash bo‘yicha respublikadagi 132 ta korxonaning ro‘yxati shakllantirildi. Shundan 89 ta quritish va qayta ishlash korxonalari (yillik ishlab chiqarish quvvati 546 ming tonna) saralab olindi.

OLTINSOYDA 50 GEKTAR MAYDONGA ZAYTUN KO‘CHATLARI 

EKISH ISHLARI YAKUNLANDI

Prezident Sh.Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshirig‘iga asosan 500 gektar maydonda zaytun plantatsiyalarini barpo etilishi belgilangan bo‘lib, Oltinsoy tumanida dastlabki bosqichda 50 gektar tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan maydonga Turkiya davlatidan olib kelingan 66 ming dona zaytun ko‘chatlari ekish ishlari yakunlandi.

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tomonidan "O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda meva-sabzavotchilik sohasida mahsulot ishlab chiqarish,qayta ishlash, saqlash, eksport qilishni integratsiya qilish, eksport hajmini oshirish" mavzuiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida yuqorida qayd etilgan ma’lumotlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. 

Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari X.Qoraboyev, J.Usmonov, Axborot xizmati rahbari Nigora Xo‘jayeva, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi mutasaddi vakillari sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berishdi.

Manba: O'zA

Поделиться