O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Akademik Edvard Rtveladze vafoti munosabati bilan hamdardlik
2022-02-12 | Fan
O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi.
Tarix, arxeologiya va san’atshunoslik sohasidagi taniqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Edvard Vasilevich Rtveladze 79 yoshida vafot etdi.
E.Rtveladze 1942-yil 14-mayda Gruziya Respublikasining Borjomi shahrida tug‘ildi. 1967-yili Toshkent davlat universitetini tugatib, San’atshunoslik institutida laborant lavozimida mehnat faoliyatini boshladi. 1975-yilda nomzodlik, 1989-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1995-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.
Iste’dodli olim o‘zining qariyb 60 yillik ilmiy faoliyati davomida San’atshunoslik institutining kichik ilmiy xodimi, katta ilmiy xodimi, bo‘lim mudiri hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati ilmiy kengashining raisi lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatib, mamlakatimizda ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shdi.
Zahmatkash olimning O‘rta Osiyoning qadimiy va o‘rta asrlar tarixi, arxeologiyasi, numizmatika va epigrafikasi, san’ati va madaniyati tarixiga bag‘ishlangan yuzlab maqola va tadqiqotlari, monografiya va risolalari yurtimiz hamda dunyo olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma’lum.
Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan fidoyi olimning bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.
E.V.Rtveladze mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy hayotida ham faol ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi sifatida samarali faoliyat olib bordi.
Akademik E.Rtveladzening mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U O‘zbekiston Respublikasining Davlat mukofoti, “Buyuk xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati” va “El-yurt hurmati” ordenlariga sazovor bo‘lgan edi.
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin va samimiy inson Edvard Rtveladzening xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, B.Yo‘ldoshev
Manba: O'zA