O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yo‘llarda qulaylik va xavfsizlikni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi
2022-02-10 | Siyosat
Davlatimiz rahbari Samarqand shahrining Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida qurilgan tunnelni borib ko‘rdi.
Bu ikki ko‘cha shahardagi eng katta, serqatnov yo‘llardan. Tunnel qurilishi natijasida transportlar harakatiga qulaylik oshib, tirbandlik bartaraf bo‘ldi. Uning uzunligi 120, kengligi qariyb 27 metr.
Rudakiy ko‘chasida avtomobil va tramvay yo‘li, piyodalar va velosiped yo‘laklari qurildi. Hudud obodonlashtirildi.
Shu yerda Samarqandda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha kelgusi rejalar haqida ma’lumot berildi.
- Oxirgi yillarda Samarqand har tomonlama rivojlanayapti. Lekin hali odamlarga qulaylik va xavfsizlik jihatidan ko‘p ish qilish kerak. Bu yerda ham yil sayin mashinalar ko‘payayapti. Yo‘llar, svetoforlar esa deyarli o‘sha-o‘sha. Shuning uchun bu sohaga ixtisoslashgan ilmiy-amaliy markaz tashkil qilish maqsadga muvofiq. Ular xorij tajribasini o‘rganib, joriy etishi, qaysi yo‘lni kengaytirish, qayerga yo‘lak qurish, qayerda svetoforni olib tashlash bo‘yicha taklif ishlab chiqishi kerak, - dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev mazkur tunnel yaqinida, Bo‘stonsaroy ko‘chasida qurilgan galereya uslubidagi ko‘prikni ham ko‘zdan kechirdi.
Shu paytgacha yo‘lning Siyob kanali ustidan o‘tgan qismi ancha past bo‘lib, yog‘ingarchilik paytida transport va piyodalar uchun noqulaylik tug‘dirardi. Shu bois yo‘l 23 metrgacha ko‘tarilib, eni 31 metrgacha kengaytirilgan. Yo‘lning ikki chetida himoya vositasi, shovqin kamaytiruvchi to‘siqlar o‘rnatildi. Piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti