O‘zbekiston bilan Latviya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘llari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Latviya hukumati vakillari va ishbilarmonlari delegatsiyasining tashrifi doirasida O‘zbekistonda bo‘lib turgan Latviya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv chog‘ida investitsiyalar, savdo, transport va logistika hamda boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Latviya korxonalarining O‘zbekistonda biznesni rivojlantirishga qiziqishi ortib borayotgani alohida ta'kidlandi. Masalan, so‘nggi besh yil ichida mamlakatda Latviya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 2 baravar ko‘paydi. Latviya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistondagi loyihalarni amalga oshirishdagi investitsiyaviy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faol hamkorlik qilishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.
Savdo hamkorligini kengaytirishning muhim istiqbollari qayd etildi – Latviya Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlarining qatoriga kiradi. So‘nggi besh yil ichida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi deyarli ikki baravar ko‘paydi. Tomonlar 2021-yil sentyabr oyida Riga shahrida O‘zbekiston savdo uyining ochilishini olqishladi va bu qadam ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarining chuqurlashishiga qo‘shimcha turtki berishiga umid bildirishdi. Shu nuqtai nazardan, yaqin kelajakda ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish hamda investitsiyaviy va savdo sohasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida Latviyada qo‘shma tarmoq ko‘rgazmasi va biznes-forum o‘tkazishga kelishib olindi.
Alohida tartibda transport va logistika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar transport bo‘yicha O‘zbekiston-Latviya Ishchi guruhining 1-yig‘ilishini joriy yilning 7-fevralida o‘tkazilishini olqishladi. Tadbir natijalari bo‘yicha ikki mamlakat Transport vazirliklari o‘rtasida o‘zaro anglashuv Protokoli hamda O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida transport va logistika sohasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" imzolandi. Shu nuqtai nazardan, Latviya portlarining logistika infratuzilmasidan foydalangan holda o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport qilish hajmini kengaytirish imkoniyatlari qayd etildi.
Uchrashuv ishtirokchilari ikki tomonlama hamkorlikning keng ko‘lamli yo‘nalishlarini belgilab, iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Latviya Hukumatlararo komissiyasi doirasida muloqotni rivojlantirish dolzarbligini ta'kidladilar va joriy yilning ikkinchi yarmida navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish masalasini muhokama etdilar.
Shuningdek, raqamli texnologiyalar, innovatsiya va startaplar, o‘rmonchilik va ekoturizm kabi tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalardagi hamkorlikning jihatlariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlarini ilgari surish hamda qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda faol hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi