O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yosh olim Oksford islom tadqiqotlari markazida malaka oshirmoqda
2022-02-10 | Jamiyat
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ziyorat turizmini rivojlantirish ilmiy bo'limi boshlig'i Barot Omonov Innovatsion rivojlanish vazirligining yosh olimlarning etakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish yuzasidan o'tkazilgan tanlovida g'olib deb topilgan edi hamda unga xorijda malaka oshirish imkoniyati taqdim etilgan.
U ushbu imkoniyatdan foydalangan holda Buyuk Britaniyadagi Oksford islom tadqiqotlari markazi (OIC)da malaka oshirishni boshladi.
Kuni kecha olim markaz direktori Dr.Farhan Ahmad Nizami bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida kitob va adabiyotlar almashinuvini yo'lga qo'yish va qo'lyozmalarni tadqiq qilish kabi ikki tomonlama ilmiy-amaliy hamkorlikka oid qator masalalar muhokama qilindi.
Doktor Nizami markazda mavjud qulayliklar, shuningdek, joriy etilgan Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro stipendiyalar sovrindorligiga potentsial nomzod bo'lgan xorijlik tadqiqotchilarga sharoitlar yaratilgani haqida ma'lumot berdi hamda o'zbekistonlik yosh olim ilmiy faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Qayd etish joizki, Oksford islom tadqiqot markazi fondida saqlanayotgan 40 mingdan ziyod adabiyot orasida o'zbek tilidagi kitoblar ham mavjud. Bu esa Oksfordga tashrif buyuruvchilarga o'zbek tilidagi adabiyotlar, qomus va kitob-albomlar bilan ham tanishish imkonini beradi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi