O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«Innovatsion faoliyat to'g'risida»gi Qonun ijrosi holati va kelgusi rejalar muhokama qilindi
2022-02-09 | Innovatsiya
Innovatsion rivojlanish vazirligida O'zbekiston Respublikasi «Innovatsion faoliyat to'g'risida»gi Qonuni ijrosini ta'minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov raisligida o'tgan yig'ilishda «Innovatsion faoliyat to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq 2021-yilda amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi o'rganildi va 2022-yilda amalga oshirilishi belgilangan ustuvor vazifalar ko'rib chiqildi.
Hozirda ilm-fan va innovatsion faoliyatni tartibga solishning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirilishi natijasida sohada raqobat, manfaatdorlik va javobgarlik muhiti shakllandi. Ilmiy hajmdor kichik tseriyali innovatsion mahsulot ishlab chiqishga qaratilgan startap ekotizimiga asos solindi, 100 dan ortiq yangi innovatsion ishlab chiqarish tuzilmalari tashkil etildi. Yangi ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratilib, «Olim-tadbirkor-investor» platformasi doirasida 227 ta ilmiy ishlanmalar tijoratlashtirilib, umumiy qiymati 123,0 mlrd so'mlik innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarildi.
Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasini 2019-2021-yillarda innovatsion rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi. Strategiyaning bosh maqsadi inson kapitalini rivojlantirish, 2030 yilgacha Global innovatsion indeks reytingi bo'yicha jahonning 50 ta ilg'or mamlakati tarkibiga kirish etib belgilangan. 2020 yilda O'zbekiston Global innovatsion indeks reytingida
29 pog'ona ko'tarilib, 93 o'rinda qayd etildi. 2021-yilda Global innovatsion indeksda o'tgan yilga nisbatan 7 ta pog'onaga ko'tarilib, 132 ta davlat orasida 86 o'rinni egalladi
Mamlakatimizda har yili 600-700 ming aholi mehnat bozoriga kirib kelayotgani inobatga olinib, innovatsion hududlarning ilmiy-innovatsion salohiyati, tuproq-iqlim sharoiti va tadbirkorlik muhitini inobatga olgan holda tijoratlashtirish loyihalari doirasida innovatsion mahsulotlar va yangi ish o'rinlarini yaratish zarurligi qayd etildi. Iqtisodiyot tarmoqlarida innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo'yicha mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi