O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Latviya Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv to‘g‘risida
2022-02-08 | Siyosat
2022-yilning 8-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Latviya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs bilan uchrashdi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari O‘zbekiston-Latviya kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalarni muhokama qildilar. Jumladan, siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratdilar.
Tomonlar parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, siyosiy muloqotni faollashtirish va ilmiy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
O‘zaro hamkorlikning huquqiy asoslarini kengaytirish zarurati, xususan, bir qator hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqish, ayniqsa, Latviya hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan mehnat migrantlari va O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha bir qator hujjatlar, jumladan, tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish hamda bandlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim loyihalarini ko‘rib chiqishni jadallashtirish muhimligi qayd etildi. Vazirlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va uning tuzilmasini diversifikatsiyalash bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlarni ko‘rish zarurligini ta’kidladilar. Iqtisodiy diplomatiyani, jumladan, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro savdo missiyalarini tashkil etish orqali yanada rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Latviya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida hamkorlik va maslahatlashuvlar to‘g‘risida protokol imzolandi. Muzokaralar yakunida OAV vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi