O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AKT vaziri TATU Nukus filialiga tashrif buyurdi va IT-Inkubatsiya markazi ochilish marosimida ishtirok etdi
2022-02-07 | Jamiyat
Bugun, 7-fevral kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nukus filialiga tashrif buyurdi
Dastlab AKT vaziri Sh. Shermatov mazkur oliy o‘quv dargohida tashkil etilgan IT-inkubatsiya markazining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Ochilish marosimi davomida AKT vaziri Sh. Shermatov IT-inkubatsiya markazida yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Mazkur markaz zamonaviy kompyuter texnikasi va yuqori tezlikdagi internet aloqa bilan ta’minlanib, u yerda dasturlash va robototexnika hamda shaxmat-shashka xonalari tashkil etilgan.
Shundan so‘ng yoshlar tomonidan ixtiro qilingan ishlanmalarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Soha rahbari tomonidan ularni kelgusida real loyihalarga aylantirish, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va jahon bozoriga eksport qilish tavsiyalari berildi.
Tashrif chog‘ida AKT vaziri Sh. Shermatov TATU Nukus filialining faoliyati va kelgusidagi rejalari bilan yaqindan tanishdi.
Toshkent axborot texnologiyalari universititetining Nukus filiali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 30-maydagi “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoni va 2005-yil 2-iyuldagi “Axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
Hozirgi kunda TATU Nukus filialida 2 ta fakultet tashkil etilib, bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida 7 ta, sirtqida 3 ta yo‘nalishlar hamda magistraturada 3 ta mutaxassislik bo‘yicha jami 1870 nafar talaba tahsil olmoqda. Universitetda 71 nafar professor-o‘qituvchilar, shulardan 4 nafar fan doktori va professor, 18 nafar fan nomzodlari faoliyat ko‘rsatmoqda. TATU Nukus filialining ilmiy salohiyati 30,1 foizni tashkil etadi.
Tashrif doirasida universitetda tahsil olayotgan talabalar bilan suhbat uyushtirildi. Suhbat davomida yoshlarni qiziqtiradigan barcha masalalar ham batafsil muhokama qilindi. Yoshlar o‘zlarining fikr va takliflarini bildirdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi