Joriy yilning 1-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan muvofiqlashtirilayotgan ishchi guruh Andijon viloyatiga yetib bordi va u yerda bir necha kun davomida “Loyiha guruhlari” faoliyatini o‘rganib, tadbirkorlar va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
12,4 trln so‘mlik 501ta loyihani o‘z ichiga olgan hududiy investitsiya dasturining amalga oshirilishi o‘rganildi. Dasturning hayotga joriy etilishi natijasida 41 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi, eksport hajmi 730 mln dollarga ko‘payadi hamda eksport faoliyatiga qo‘shimcha 255 ta korxona jalb qilinib, kutilayotgan eksport hajmi 108 mln dollarni tashkil qiladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi eksport qiluvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahsulot eksport qilishga sarflangan transport harajatlarini qoplash uchun 15 milliard so‘m, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 25 mln dollar ajratiladi.
Yuzaga kelayotgan masalalar ustida tuman va shahar darajasidagi mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari bilan ish olib borildi, ularni hal qilish mexanizmlari ishlab chiqildi va mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh a'zolari bir qator mahalliy korxonalarda bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonini o‘rgandilar. Tashriflar davomida tadbirkorlarga yer uchastkalari, moliyaviy resurslar olish, yangi barpo etilayotgan obyektlarni muhandislik tarmoqlarga ulash, qo‘shilgan qiymat solig‘ini eksport qiluvchi korxonalarga qaytarish va mavjud boshqa muammolarni hal qilishga ko‘maklashish bo‘yicha mas'ullarga manzilli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, hududiy investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalardan tashqari Davlatimiz rahbari tomonidan viloyatda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun 800 million dollar miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha berilgan topshiriqni bajarish chora-tadbirlari ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, viloyat tadbirkorlari va ishlab chiqaruvchilari bilan uchrashuv tashkil qilindi. Hududiy infratuzilmani rivojlantirishning hozirgi holati, biznes yuritish shartlari va investisiyalarni jalb qilish uchun sanoatning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama etildi. Shuningdek, hududning sanoat va eksport salohiyatini yanada rivojlantirishga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan tizimli muammolar, shu jumladan gaz va elektr ta'minotiga bo‘lgan ehtiyoj, kredit resurslarining taqdim etilishi va xorijiy mijozlarni topish bilan bog‘liq masalalar o‘rganildi.
Bildirilgan muammolar atroflicha tahlil qilindi – tegishli vazirlik, idora va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga ularni hal qilish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish hamda Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritish topshirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi