O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri amaliy hamkorlikni kengaytirish yo‘llarini muhokama qildilar
2022-02-05 | Siyosat
5-fevral kuni, Pekin shahriga tashrifning ikkinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashdi.
O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Pokiston Bosh vaziri o‘tgan yil iyul oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning ilk natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Jumladan, o‘tgan yil yakunida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 1,5 barobar ortdi, bir yilda 40 dan ortiq qo‘shma korxona tashkil etildi.
Mamlakatimizning turli hududlarida farmatsevtika preparatlari, kimyoviy tovarlar va to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Sanoat, ta’lim va kino sohalarida qator muhim loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Hududlararo aloqalar ham kengaymoqda – shu kunlarda Panjob viloyati gubernatori Sarvar Choudri boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Uchrashuvda ishbilarmonlarning qo‘shma tashabbuslari va istiqbolli investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, bank-moliya sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.
“Termiz – Mozori Sharif – Kobul - Peshovar” temir yo‘lini qurish loyihasini ilgari surish borasidagi amaliy ishlarni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Oliy va yuqori darajalardagi bo‘lajak muloqotlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vazirining uchrashuvi har doimgidek ochiq, ishchan va do‘stona ruhda o‘tdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti