O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Xitoy yetakchilari har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash zarurligini qayd etdilar
2022-02-05 | Siyosat
5-fevral kuni Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi.
Ikki mamlakat yetakchilarining rasmiy uchrashuvi Xitoy poytaxtidagi Butunxitoy xalq vakillari kengashi uyida bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar avvalida Rais Si Szinpin davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, unga qishki Olimpiadaning ochilish marosimida shaxsan ishtirok etgani uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston Prezidenti, o‘z navbatida, taklif va samimiy qabul uchun tashakkur bildirib, Xitoy rahbariyati va do‘st xalqini Olimpiya o‘yinlarining ochilishi juda yuksak saviyada o‘tkazilgani, tadbir bugungi Xitoyning ulkan muvaffaqiyat va yutuqlarini namoyish etgani bilan tabrikladi.
Yetakchilar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki tomonlama ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari yuzasidan batafsil fikr almashdilar.
Yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va o‘zaro manfaat prinsiplariga asoslangan davlatlararo munosabatlarning bugun yuksak darajaga ko‘tarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oliy darajadagi muntazam muloqotlar ikki tomonlama aloqalarning faollashishiga xizmat qildi.
2021-yil yakuniga ko‘ra tovar ayirboshlash rekord ko‘rsatkichga yetdi, Xitoydan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 9 milliard dollarni tashkil etdi.
Xitoyning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida sanoat, kimyo tarmog‘i, energetika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda yuqori texnologik loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Yashil” iqtisodiyot, sun’iy intellekt, raqamlashtirish va elektron savdo sohalaridagi hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Ipak yo‘li” jamg‘armasi bilan uzoq muddatli hamkorlik bo‘yicha amaliy sheriklikning strategik loyihalarini ilgari surishga qaratilgan yangi “yo‘l xaritasi” shakllantirilmoqda. Moliyaviy-texnik ko‘mak dasturi kengaytirilmoqda.
Uchrashuvda ushbu tashrif doirasida imzolangan besh yillik Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik dasturini keng ko‘lamda amalga oshirish muhim ekani qayd etildi.
Mutanosib tovar ayirboshlashga erishish, samarali hududlararo almashinuvlarni qayta tiklash va samarali transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha birgalikda chora ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.
Kambag‘allikka va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida Xitoy tajribasini o‘rganish va joriy qilish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Sog‘liqni saqlash, an’anaviy tibbiyot, turizm, ta’lim, madaniyat va san’at sohalaridagi hamkorlik dasturini kengaytirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Muhim iqtisodiy va gumanitar loyihalarni ilgari surish maqsadida qo‘shma Xukumatlararo qo‘mita va uning sohalar bo‘yicha kichik qo‘mitalarining navbatdagi majlislarini o‘tkazish masalalari kelishib olindi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar, shu jumladan Afg‘onistonda tez fursatda tinchlik o‘rnatilishiga va iqtisodiy tiklanishga ko‘maklashish ko‘rib chiqildi.
Rais Si Szinpin O‘zbekistonning joriy yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti raisi sifatidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatladi.
Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy yetakchisi va xalqini oy taqvimi bo‘yicha kirib kelgan Yangi yil bilan tabrikladi va qishki Olimpiada muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.
O‘zbekiston va Xitoy rahbarlarining uchrashuvi ochiq, samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti