ITSV rahbariyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qo‘mitasi yig‘ilishida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Senat a'zolari, Vazirlar Mahkamasining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari kompleksi rahbariyati, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Oliy Majlis Senatining navbatdagi yigirma uchinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan masalalar, jumladan, “Xalqaro mehnat tashkilotining Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigienasi to‘g‘risidagi 167-sonli Konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqida”gi, “MDH ishtirokchi-davlatlarining soxta tovar belgilari va geografik ko‘rsatkichlardan foydalanishning oldini olish va unga chek qo‘yish bo‘yicha hamkorligi to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar loyihalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha komissiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi masalasi muhokama etildi.
“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining ijrosi yakunlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining hisoboti ko‘rib chiqildi. Amalga oshirilgan ishlar ko‘lami, jumladan, investitsiyalarni jalb qilish va tashqi savdoni rivojlantirish, dasturda belgilangan maqsadli parametrlardan oshgan holda erishilgan bir qator ko‘rsatkichlar qayd etildi. Eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, joriy yilda rejalashtirilgan investitsiya loyihalarining sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta'minlash maqsadida yuqori ish sur'atlarini saqlab qolish muhimligi ta'kidlandi.
“MDH ishtirokchi-davlatlarining soxta tovar belgilari va geografik ko‘rsatkichlardan foydalanishning oldini olish va unga chek qo‘yish bo‘yicha hamkorligi to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasini muhokama qilish chog‘ida soxta tovar belgilari va geografik ko‘rsatkichlar bilan tovarlarni ishlab chiqarish va sotish, shuningdek, bunday tovarlarni MDH mamlakatlari davlat chegaralari orqali olib o‘tishning oldini olish, aniqlash va chek qo‘yish bo‘yicha xalqaro hamkorlik qilish uchun sharoit yaratishning dolzarbligi ta'kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha komissiyasini tuzishni ko‘rib chiqish asnosida davlatimiz rahbarining 2021- yil dekabr oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifining ahamiyati qayd etildi. Tashrif davomida iqtisodiyot, ta'lim, tibbiyot, energetika, avtomobilsozlik, madaniyat sohalarida yutuqlar va keng ko‘lamli kelishuvlarga erishilgani, shuningdek, ularni amalga oshirish bo‘yicha Hukumat hamda tegishli vazirlik va idoralarning kelishilgan holda ishlashi zarurligi ta'kidlandi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi, unda muhokama etilgan masalalar va qonun loyihalari ijrosi yuzasidan vazirlik va idoralarga aniq vazifa va tavsiyalar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi