O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Termiz muhandislik-texnologiya instituti faoliyati oʻrganilmoqda
2022-02-04 | Ta’lim
Ayni kunlarda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi mutasaddilaridan iborat ishchi guruhi tomonidan oliy taʼlim muassasalari va maktablardagi taʼlim sifati va samaradorligi bilan bogʻliq jarayonlar tanqidiy oʻrganilmoqda.
Xususan, mazkur jarayonlar Termiz muhandislik-texnologiya institutida ham oʻtkazilmoqda.
Qayd etish lozim, Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filiali negizida tashkil etilgan institut 2021-yilda eʼlon qilingan reyting natijalariga koʻra, 27 ta OTM filiali oʻrtasida 23-oʻrinni band etgan.
Qayd etish lozim, mazkur OTM 2021-yil 3-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Termiz muhandislik-texnologiya instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan.
Qaror bilan OTM zimmasiga mahalliy ishlab chiqarish, sanoat korxonalari, geologiya va konchilik tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqib, mehnat bozorida raqobatbardosh oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar boʻyicha chuqur bilimga ega mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha uzluksiz taʼlim tizimini yaratish;
yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni joriy etish, Institut professor-oʻqituvchilarining malakasini oshirish, bitiruvchilarning respublika va xorijiy oliy taʼlim muassasalarida (ilmiy markazlarda) magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha tahsil olishlarini tashkil etish;
oʻquv jarayoniga ilgʻor xorijiy tajribani, jumladan, zamonaviy taʼlim texnologiyalarini tatbiq etish, ochiq axborot-taʼlim muhitini taʼminlash;
oʻquv jarayonini talabalarda mustaqil taʼlim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirishga yoʻnaltirish;
amaliy ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish uchun zamonaviy oʻquv va ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, uni ilgʻor texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirishni yoʻlga qoʻyish, tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish, shuningdek, taʼlim oluvchilarning innovatsion gʻoyalarini amalga oshirish uchun grantlar jalb etish kabi vazifalar yuklatilgan.
Bugungi kunda institut tarkibida 2 ta fakultet, 9 ta kafedra faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, institutdagi 4297 nafar talabaga 118 nafar professor-oʻqituvchilar tahsil berib kelmoqda.
Oʻrganishlar davomida taʼlim jarayonlarining ishlab chiqarish tizimi bilan bogʻliqligi, axborot resurs markazlarining zarur adabiyotlar bilan taʼminlanganlik holati, taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv-meʼyoriy hujjatlar, oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish axborot tizimidan foydalanish holati bilan bogʻliq masalalarga eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻrganish jarayonlari davom etadi.