Toshkent shahar hokimligida Turkiyaning “OYAK” kompaniyasi ijrochi direktori Suleyman Savash Erdem boshchiligidagi tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutlab, ularga mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma'lumot berdi. Xususan, shahar hokimi iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi chora-tadbirlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, Turkiya bilan bilan barcha sohalarda o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari mustahkamlanib, taraqqiy etayotganidan mamnunligini bildirdi.
Turkiyalik mehmon Suleyman Savash Erdem samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan keng ko‘lamdagi olib borilayotgan islohotlardan xabardorligini, hamkorlik qilishdan maqsad ham ikki davlat iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qo‘shish ekanligini ta'kidladi.
Suleyman Savash Erdem “OYAK” kompaniyasi tashkil etilganligiga 60 yildan oshganligini, dunyoda katta nufuzga ega ekanligini hamda tobora rivojlanib borayotganligini qayd etdi. Kompaniya logistika, moliya, kimyo sohalari, sellyuloza va sement ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik kabi sohalarda hamkorlikka qiziqishini bildirdi. Keng ko‘lamli faoliyatga ega kompaniyaning Toshkent shahrida ham ishlab chiqarish korxonalari barpo etish rejasi borligini va bu aloqalar ijobiy natijalarga berishiga umid bildirdi.
Manba: Toshkent shahar hokimligi