Navoiy viloyatida istiqbolli investitsiya loyihalarini shakllantirishning yangi tizimi muvaffaqiyatli joriy etilmoqda
Navoiy shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Navoiy viloyati tuman va shaharlarning mahalliy hokimiyat organlarining rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Kun tartibiga investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatini rag‘batlantirishning yangi tizimini joriy etishning amaliy jihatlari qo‘yildi.
Uchrashuv ishtirokchilari investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish, loyihalarni boshqarish, tadbirkorlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish, foydalanishga topshirilgan ishlab chiqarish obyektlarning monitoringini olib borishning yangi mexanizmlarini, shuningdek, investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlarini amaliy qo‘llab-quvvatlash jarayonida vazirlik va idoralarni muvofiqlashtirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalarni atroflicha muhokama qildi.
Viloyatda tashkil etilgan hamda vazifalari viloyatning ishga solinmagan iqtisodiy salohiyatini tahlil qilish, tuman va shaharlarni rivojlantirish strategiyasi va konsepsiyalarini shakllantirish, shuningdek, iqtisodiy ahamiyatga ega loyihalarni ishlab chiqishdan iborat bo‘lgan loyiha guruhlarining ishi o‘rganildi.
Aniq vaziyatlar misolida tuman va shahar rahbarlari amalda eng ko‘p uchraydigan muammoli masalalar ko‘rib chiqildi. Muayyan aholi yashash punktlarining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda loyihalarni boshqarish yangi mexanizmlarini amalda qo‘llash bo‘yicha aniq tushuntirishlar berildi.
Ko‘tarilgan muammolar tegishli vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlari ishtirokida o‘rganilib, ularni imkon qadar tezroq hal etish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi.
Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilari investorlar bilan ishlashni takomillashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda viloyatdagi tuman va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini yaxshilash bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi