O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tibbiyot sohasida yechimini kutayotgan muammolar va bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi
2022-01-28 | Jamiyat
Nurafshon shahrida Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzaev raisligida hududda tibbiyot sohasini rivojlantirish, tizimga zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko'rsatish va kasallanish holatlarini kamaytirish masalalariga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazildi.
Unda tizim mutasaddilari, tegishli boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, shifokorlar ishtirok etdi.
Ma'lumki, 2021-yil dekabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida endokrinologiya sohasini takomillashtirish masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot o'tkazilishi ma'lum qilingan edi. Xususan, mutasaddilarga ushbu tadbirga puxta tayyorgarlik ko'rish, joylardagi muammolarni o'rganib, ularni tizimlashtirish va aniq takliflar ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Shundan kelib chiqib, yig'ilishda asosiy e'tibor joriy yilda Toshkent viloyati bo'yicha tibbiyot sohasida amalga oshirilishi lozim bo'lgan loyihalar, zarur vazifalar tahliliy ko'rib chiqildi.
Qayd etilganidek, hozir hududda 250 dan ziyod tibbiyot muassasalari faoliyat yuritadi. 2021-yilda 3 ta oilaviy poliklinika, 8 ta oilaviy shifokorlik punkti tashkil etildi.
E'tiborlisi, so'nggi paytlarda xususiy tibbiy klinikalar faoliyati rivojlanib, xizmat ko'rsatish ko'lami va sifati yuksalib bormoqda. Birgina 2021-yilda viloyat bo'yicha 86 ta xususiy klinika tashkil etilgani ham bunga yorqin misoldir.
Muloqotda yaqin istiqbolga mo'ljallangan, jumladan, 2022-yilda bajarilishi lozim bo'lgan vazifalar ko'rib chiqildi.
Kasalliklarni erta aniqlash va aholiga sifatli tibbiy xizmatlarni ko'rsatish maqsadida Prezidentimiz topshirig'iga asosan Nurafshon shahrida qariyb ming o'ringa mo'ljallangan viloyat ko'p tarmoqli tibbiyot markazi quriladi. Angren shahar, Chinoz, Bekobod va Bo'stonliq tumanlarida maxsus tumanlararo qo'shma shikastlanish va o'tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etiladi. Barcha hududlardagi tibbiyot muassasalarida bosqichma-bosqich elektron tibbiy karta tizimi tashkil etilib, raqamlashtiriladi. Bunda birinchi bosqichda Parkent, Piskent va Ohangaron tumanlarida mazkur sa'y-harakatlarni amalga oshirish belgilangan.
Shuningdek, viloyatdagi ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarini autsorsing tizimiga o'tkazish borasida alohida “Yo'l xaritasi” tuziladi.
Toshkent viloyatida hududlararo ixtisoslashgan tibbiyot klasterlari tashkil etiladi. Bu ishlar orqali birinchi galda aholi, ayniqsa, ayollar va bolalar, keksalar salomatligi ta'minlash va sog'lom turmush tarzini keng targ'ib qilishda katta imkoniyatlar yuzaga keladi.
Manba: Tоshkеnt vilоyati hоkimligi