Joriy yilning 27-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) vitse-prezidenti K.Limitovskiy bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida hamkorlikning bugungi holati, O‘zbekistonda OIIB loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, sheriklikni yanada chuqurlashtirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
So‘nggi ikki yilda O‘zbekistonning OIIB bilan moliyaviy-texnik hamkorligi sezilarli darajada faollashgani qayd etildi. Jumladan, qishloq infratuzilmasini, suv ta'minoti va oqova suv tizimlarini yaxshilash, avtomobil' yo‘llarini qayta ta'mirlash, sog‘liqni saqlash va energetikani rivojlantirish sohalarida umumiy qiymati 2,8 mlrd dollarga teng bo‘lgan 14 ta loyihadan iborat investitsiyalar portfeli Markaziy Osiyo mamlakatlarida OIIB loyihalari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Hayotga joriy etilayotgan loyihalarni amalga oshirishni, shuningdek, ko‘rib chiqish bosqichida bo‘lgan loyihalar yuzasidan kelishishni jadallashtirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar rejalashtirildi. Tomonlar infratuzilmaviy rivojlanish sohasiga alohida e'tibor qaratar ekan, bu yo‘nalishda ahamiyatga ega yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligini qayd etdilar.
Muzokaralar kun tartibi doirasida sanoat va hududlarni rivojlantirish hamda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish darajasini oshirishga qaratilgan loyihalarni bajarish uchun kredit liniyalari ajratish, shuningdek, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirayotgan xususiy kompaniyalarni moliyalashtirish maqsadida Bank resurslarini jalb qilish masalalari o‘rganildi.
Shuningdek, Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi va OIIB o‘rtasida qo‘shma investitsiya loyihalari va dasturlarining samarali amalga oshirilishini ta'minlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda 2024-yilda OIIB Boshqaruvchilar Kengashining Yillik yig‘ilishini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi va ushbu tashabbusni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida munosabatlarning ko‘rib chiqilgan barcha sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirishni jadallashtirish maqsadida birgalikdagi ishlarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi