Turkiya — O‘zbekiston bilan ishonchli hamkor, strategik sherik. Ikki tomonlama aloqalar barcha yo‘nalishlar, xususan, tibbiyot sohasida ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida kasallikka qarshi kurashishda Turkiya bizga yaqindan amaliy ko‘mak ko‘rsatmoqda.
Turk mutaxassislarining yurtimizga kelib davolash va profilaktika jarayonlarida ishtirok etishi, onlayn maslahatlashuvlar orqali bilim hamda tajriba almashishi, COVID-19 ga qarshi himoya vositalari, tibbiy jihozlar, dori-darmonlar hamda 200 ming doza “Sinovac” vasinasi taqdim etilishi shular jumlasidan.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘tgan davrda tibbiyot sohasidagi o‘zaro hamkorlik natijalari hamda kelgusidagi rejalar muhokama etildi.
Qayd etilganidek, sog‘liqni saqlash va farmasevtika sohalarida O‘zbekiston-Turkiya forumi o‘tkazilib, tibbiyot muassasalarimiz o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha 10 ta shartnoma imzolangani bugun o‘z amaliy samaralarini bermoqda. Qolaversa, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) ko‘magida joylarda bemorlar uchun tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, ularda murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilayotgani o‘zaro munosabatlarning yana bir muhim yo‘nalishidir.
Shuningdek, tibbiy ta'lim sohasida ham aloqalarimiz kengaymoqda. Mutaxassislarimiz Turkiyaning nufuzli klinikalarida malaka oshirib qaytishmoqda. Buxoro tibbiyot instituti negizida Turkiya Tibbiyot fanlari universiteti bilan tashkil etilgan qo‘shma fakul'tet faoliyat ko‘rsatmoqda.
Uchrashuvda elchi janoblari Turkiya tomoni O‘zbekiston bilan sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni yanada izchil va yuqori sur'atda davom ettirishga tayyor ekanligini qayd etib, yangi qo‘shma loyihalarni ro‘yobga chiqarishga doir taklif va mulohazalarini bayon etdi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Sоg`liqni sаqlаsh vаzirligi