O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident: Mahalla tinch bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi. Mahalla obod bo‘lsa, butun mamlakat obod bo‘ladi
2022-01-26 | Siyosat
Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
–Albatta, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz. Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz.
Bu maqsadga erishish uchun esa dunyodagi noyob demokratik tuzilma bo‘lgan mahalla institutining katta imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, pirovard natijada mahallani jamiyatimizning hal qiluvchi bo‘g‘iniga aylantirish vazifasini o‘z oldimizga qo‘ymoqdamiz. Muxtasar aytganda, mahalla tinch bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi. Mahalla obod bo‘lsa, butun mamlakat obod bo‘ladi, – dedi Prezident. –Mana shu chuqur ma’noli fikrni el-yurtimiz, ayniqsa, yoshlarimizning qalbi va ongiga singdirishimiz zarur. Shu boisdan, 2022- yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasining muhokamasi fuqarolarimiz bilan “ochiq muloqot” shaklida o‘tkazilib, xalqimiz tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi.
Muhokama jarayonida aholidan 17 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi.
Ularning barchasi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rganildi, bir-biriga yaqin takliflar umumlashtirilib, Dastur loyihasi 300 dan ortiq yangi tashabbuslar bilan to‘ldirildi.
Misol uchun, fuqarolarimiz bildirgan:
- mahallalarda “Ish markazlari”ni tashkil etish, mahallada hokimlar, sektor rahbarlarining onlayn qabulini o‘tkazish;
- davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etgan fuqarolarni rag‘batlantirish;
- har bir mahallani rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish;
- aholi kayfiyatini sotsiologik so‘rovnomalar orqali o‘rganib borish;
- yoki uzoq hududlardagi maktablarga avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish kabi takliflar bizga ayniqsa ma’qul bo‘ldi.
Manba: O'zA