Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov hamda Turkiya Respublikasi Oliy ta'lim kengashi raisi Erol' O‘zvar boshchiligidagi deletgatsiya a'zolari o‘rtasida ikki davlat oliy ta'lim sohasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish doirasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Turkiya oliy ta'lim tizimi rahbarlari ikki tomonlama hamkorlik aloqalarning bugungi holati va uni yangi bosqichga ko‘tarish imkoniyatlarini muhokama etishdi.
Jumladan, yurtimizda hamkorlikda universitet tashkil etish, O‘zbekistonlik o‘quvchi va talabalarning Turkiya oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olish uchun grantlar ajratish, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, texnika va muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash, matematika, fizika, ximiya, geologiya kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Suhbat chog‘ida tomonlar oliy ta'lim sohasidagi hamkorlik aloqalarini jadallashtirish hamda yangi bosqichga olib chiqishga kelishib olishdi.
Uchrashuv so‘ngida Turkiya Oliy ta'lim kengashi raisi Erol' O‘zvar iliq qabul hamda ko‘rsatilgan yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun Abduqodir Toshqulovga samimiy minnatdorlik bildirdi hamda uni Turkiyaga taklif qildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi