O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Uzoq va yaqin Yaponiya

2022-01-26 | Siyosat

Bugun, 26-yanvar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi.

Davlatning jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilishi, boshqa mamlakatlar bilan diplomatik munosabat o‘rnatilishi muhim siyosiy voqealar hisoblanadi.

Ana shunday tarixiy hodisalardan biri - O‘zbekistonning Yaponiya bilan rasmiy munosabati yo‘lga qo‘yilishi 1992-yil 26-yanvar kuniga to‘g‘ri kelgan.

Shu munosabat bilan O‘zA jamoatchi muxbiri faxriy diplomat Alisher Oxunjonov bilan suhbatlashdi.

- Alisher Sobirovich, Siz O‘zbekistonni Yaponiyada tamsil etgan birinchi diplomatsiz. O‘sha davrlarni bir eslasak.

- Darhaqiqat, yurtimizning Yaponiyaga yuborilgan birinchi rasmiy vakiliman va bundan faxrlanaman. Aslida, bu biroz kutilmagan voqea bo‘lgan.

O‘sha payt Xalqaro tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida ishlardim. Xorijiy davlatlar bilan teng iqtisodiy hamkorlik qilish mas’uliyati aynan men rahbarlik qilgan boshqarma zimmasida edi.

Toshkentda 1993-yil yanvarda kun chiqar yurt elchixonasi, ko‘p vaqt o‘tmay Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi - JICA vakolatxonasi ochiladi.

Mustaqillikning dastlabki yillaridayoq Yaponiya O‘zbekistonga qiziqish namoyon qilgan. 1993-yil davomida bu o‘lkadan mamlakatimizga yuzdan ziyod delegatsiya kelgan. Biz ularni odatiy o‘zbekona mehmondo‘stlik, ochiq ko‘ngil bilan kutib olsak-da, hadeganda kutilgan natijadan darak bo‘lavermadi.

Keyinroq bildik-ki, yaponlarning ish uslubi shunday ekan, ya’ni muzokara jarayoni hamkor mamlakat obdon o‘rganilmaguncha cho‘zilaverarkan. Buni parovozning yo‘lga otlanishi bilan izohlashgan: uzoq tayyorgarlik ko‘riladi, yo‘lga tushgach, to‘xtatib bo‘lmaydi.

Mana, sal kam o‘ttiz yil avval yo‘lga chiqqan o‘sha parovoz ildam odimlamoqda.

- 1993-yil Toshkentda, uch yildan keyin Tokioda elchixona ochilgan. Shu orada qandaydir muhim voqealar sodir bo‘lganmi?

- O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatish to‘g‘risidagi hujjat 1992-yil 26-yanvar kuni Moskvadagi vakolatxonamizda, yapon elchisi va davlatimiz vakili tomonidan imzolangan.

Yaponiyaning O‘zbekistondagi birinchi elchisi Ukero Magosaki ajoyib diplomat, dilkash inson, xalqaro ilmiy doirada taniqli olim edi. U mamlakatimizda uch yil faoliyat yuritib, keyin Eronga elchi bo‘lib ketgan.

Tokioga jo‘nashimiz oldidan bizni qabul qilib, ikki tomonlama aloqani rivojlantirishga oid foydali maslahatlar bergan. To‘g‘risi, o‘sha suhbat natijasida hamkorlikka keng yo‘l ochilgan.

Dastlabki yillari JICA yosh, mustaqil davlatimizga zarur iqtisodiy va texnik yordam doirasida imtiyozli kredit, beg‘araz grant ajratgan.

Muhimi, turli loyihalar uchun berilgan mablag‘larga davlatimiz kafil bo‘lgan.

Bu Yaponiya tomoni uchun juda qulay edi, chunki kun chiqar yurtning yetakchi kompaniyalari, moliyaviy tuzilmalari boshqa xorijiy davlatlarda o‘z tashabbusi bilan faoliyat yuritardi. Biror kor-hol yuz bersa, davlat kafolati bo‘lmagani uchun tadbirkor yoki tashkilot kuyib qolishi hech gap emas edi.

Yana bir muhim jihat: Yaponiya O‘zbekistonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, buning evaziga qandaydir siyosiy talablar qo‘ymagan. Mutaxassislar yaxshi bilishadi, bunday holatlarda “Sendan ugina, bizdan bugina” naqliga amal qilinadi. Qolaversa, Yaponiya odatda boshqa davlatlarga yetarli darajada talablar qo‘yadi.

- Sizningcha, Yaponiyaning O‘zbekistonga bunday mehri zamirida nima bor?

- Ikkinchi jahon urushi payti va keyin ham mamlakatimizga taqdir taqozosi bilan juda ko‘p yaponlar kelib qolgan. Yaponiyaliklar Navoiy nomidagi opera va balet teatri, Farhod GESi singari qator yirik binolar qurilishida qatnashgan. Angren ko‘mir konida, Kogonda, Qo‘qonda o‘zbeklar bilan yelkama-yelka turib mehnat qilgan. Ularning ko‘pchiligi tuprog‘imizda abadiy qo‘nim topgan.

O‘zbekiston ularga harbiy asirlar, deb qaramagan. Birinchi Prezident Islom Karimov shunday degan edi: Biz yaponlar bilan urush qilmaganmiz. Ular bizning mamlakatimizda mehnat qilgan, iqtisodiy va madaniy sohalarga oid imoratlar bunyod etgan. Shuning uchun ularning xotirasini qadrlashimiz kerak!

- Men ham yaxshi xotirlayman, 1994 yil mayda Islom Karimov Yaponiyaga davlat tashrifi davomida imperator Akixito janoblariga yapon qabristonlari to‘g‘risidagi foto-albomni topshirgan. O‘sha hayajonli damlar O‘zbekiston televideniyesi orqali namoyish etilgan.

- To‘g‘ri ta’kidladingiz, o‘sha tarixiy ziyoratdan keyin O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarida keskin burilish ro‘y bergan.

Tokioda ishlab yurgan kezlarim yapon qabristonlariga nisbatan iliq munosabat, deyarli, barcha uchrashuvlarda samimiy e’tirof etilardi. Yaxshilikni unutmaydigan yaponlar bunday e’tiborni mehr-oqibat, saxovat dalili sifatida qabul etadi.

- Tokioda elchixonamiz ochilishi haqida ham gapirib bersangiz.

- 1996 yil fevral oyi o‘rtalarida Tashqi ishlar vazirligining yapon tilini biladigan bir diplomati bilan Tokioga uchdik.

Aeroportda bizni Tashqi ishlar vazirligi bo‘lim mudiri kutib oldi. Qonun-qoidaga ko‘ra, muvaqqat ishlar vakili rasmiy tarzda kutib olinmaydi.

Bunday samimiyatni biz O‘zbekistonga nisbatan hurmat ifodasi, deb qabul qildik.

Rasm-rusumlar o‘tgach, “Imperial” mehmonxonasida “faoliyat” boshladik. Yaponiyadagi diplomatik korpus a’zolari bilan tanishib ulgurmasimizdan vazir shaxsan biz bilan ko‘rishish istagini bildirdi. Bu ham protokol udumiga mutlaqo zid edi.

Vazir janoblari Tokioda Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchi, MDH davlatlari orasida Rossiya va Ukrainadan keyin O‘zbekiston elchixonasi ochilgani bilan bizni samimiy tabrikladi.

Muloqot chog‘ida mezbon Yaponiya O‘zbekiston bilan aloqani rivojlantirishdan manfaatdor ekanini urg‘uladi, respublikamiz to‘g‘risida batafsil ma’lumot oldi.

Rasmiyatchilik tugagach, vazirning yelkasiga chopon tashladim...

- Alisher-san, (“san” yapon tilida “janob” ma’nosini anglatadi) oldin ham Yaponiyaga borganmidingiz?

- JICA 1993-yil Markaziy Osiyo respublikalari hukumat vakillari uchun o‘qish tashkil etgan. Ikki hafta davomida Yaponiyani o‘rgangan bo‘ldik. O‘shandayoq Yaponiya bizni o‘ziga maftun etdi. Boy taassurot bilan qaytdik.

Bundan salkam 30 yil oldin ilg‘or texnologiyalar asosida qiziq va boy tarixga ega rivojlanayotgan mamlakatni ko‘rgandim.

- Qariyb besh yil ishlab, ancha do‘stlar orttirgan bo‘lsangiz kerak?..

- Yaponlar juda samimiy, urf-odatlari biznikiga o‘xshab ketadigan xalq. Masalan, oila munosabati, kattani hurmat, kichikni izzat qilishda farq ko‘rmaysiz. Ayniqsa, mehnatkashligi, ishga mas’uliyat bilan yondashishiga tan bermay iloj yo‘q. Tabiiy boyligi yo‘q bu mamlakat iqtisodda, ilm-fan, ta’limda erishgan yutuqlarni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi.

Aslida yaponlar O‘zbekiston haqida uzuq-yuluq tasavvurga ega bo‘lgan. 1994-yil Xirosimada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlari musobaqasida O‘zbekiston futbol jamoasi g‘olib chiqqanda mahalliy ommaviy axborot vositalari juda katta shov-shuv ko‘targan. Shundan keyin mamlakatimiz Yaponiyada ham sekin-asta tanilib borgan.

Yaponlar 65 yoshdan keyin, nafaqaga chiqqach, sayohat qilishni xush ko‘rishadi. Pandemiyadan oldin poytaxtimiz va boshqa tarixiy shaharlarimizda keksa yapon sayyohlarni ko‘p uchratardik. Yoshi ulug‘ avlod mamlakatimiz, xalqimiz, madaniyatimiz, an’analarimizni yaxshi bilishi shundan.

Arxeolog Kyudzo Kato Surxondaryoda ilk Buddani qidiruv ishlarida muvaffaqiyatga erishgandan so‘ng yaponlarning O‘zbekistonga qiziqishi yanada ortdi.

Sobiq ittifoq davrida tashkil etilgan “Fukusima-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati madaniy aloqa almashishda hozir ham muhim o‘rin tutib kelmoqda. Qizig‘i, bu tashkilotni haliyam urush davrida O‘zbekistonda mehnat qilgan Yaponiya fuqarolari boshqarib kelishadi.

Bundan tashqari, ayollar, yoshlar jamoat tashkilotlari ham juda faol. Setagaya ayollar assotsiatsiyasi bilan mustahkam munosabat o‘rnatgandik. Shunday tuzilmalar orqali yapon jamoatchiligi orasida O‘zbekistonni targ‘ib etardik.

O‘sha paytdagi moliya vaziri o‘rinbosari Tadao Chino bilan ham samimiy munosabatda edik. 1994-yil u O‘zbekistonga kelgan. Iste’foga chiqqach, avval xususiy ilmiy-tadqiqot institutiga rahbarlik qildi. Keyin Osiyo taraqqiyot bankini boshqardi. Yaponiya bu bankning asosiy kreditorlaridan hisoblanadi. Shu bankda ishlagan chog‘i Chino kredit ajratish masalasida O‘zbekistonni ko‘p qo‘llaganini e’tirof etishimiz kerak.

O‘zbekistonning yaqin do‘stlari qatorida sobiq Bosh vazirlar Yoshiro Mori, Yuriko Koike, Taro Aso (hozir parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari), Elchilar Kyoke Nakayama xonim, Ukero Magosakilarni sanab o‘tish mumkin. Ularning bari ikki mamlakat o‘rtasida har tomonlama aloqani rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shishgan.

- Elchixonamiz qaysi tarixda ochilgan?

- Yaponiya taraqqiy topgan mamlakat, shu bilan birga, Tokio ayrim boshqa yirik megapolislarga qaraganda ancha qimmat poytaxt hisoblanadi. Shuning uchun elchixona uchun munosib bino topish mushkul kechgan.

1993-yil may oyida JICA tashkil topganining 20 yilligi nishonlanadi. Tantanalarda O‘zbekiston hukumati nomidan moliya vaziri Baxtiyor Hamidov qatnashadi. Fursatdan foydalanib, hukumatimiz vakillariga uch-to‘rt binoni ko‘rsatganmiz. Biroz vaqt o‘tib, biz tanlagan bino moliyalashtirila boshlandi.

O‘sha yil oxirida Bosh vazir O‘tkir Sultonov Yaponiyaga boradi. Tashrif doirasida elchixonamizning ochilish marosimi o‘tkaziladi. Ilk bor hukumat rahbarlari darajasida uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

Manba: O'zA

Поделиться