O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Lazgi” hujjatli filmi qator xalqaro kinotanlovlar g‘olibi bo‘ldi

2022-01-23 | Turizm

Turizm va sport vazirligi qo‘llab quvvatlashi ostida yosh umidli rejissyor Ixtiyor Baxtiyorov tomonidan tasvirga olingan “Lazgi” hujjatli filmi qator xalqaro tadbirlarda nufuzli mukofotlarga munosib ko‘rildi. 

 Jumladan, “Art Stream”, “Fifflondon”, “Blackboard”, “Lift-Off Season Awards” va “IFFF” xalqaro tanlovlarida Lazgi raqsi tarixiga bag‘ishlangan hujjatli film “Raqs haqidagi eng yaxshi hujjatli film” deya tan olindi.  

“2020 yilgi Yoshlar forumi doirasida yosh rejissyor ukamizdan taklif tushdi, loyihani yaxshilab o‘rganib, uni har tomonlama qo‘llab quvvatladik - vazirlik tomonidan loyihani amalga oshirish uchun zarur mablag‘ ajratildi va kerakli sharoit yaratildi. Qisqa fursat ichida “Lazgi” filmining bunday yutuqlarga erishishi davlatimiz rahbarining yurtimiz madaniy merosini asrashga qaratayotgan eʼtibori, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va, albatta, yoshlarga yaratilayotgan sharoit natijasi deb bilaman. Film ijodkorlarining keyingi faoliyatiga omad tilayman. Yurtimiz rivojiga hissa qo‘shuvchi isteʼdodli yoshlarimiz ko‘payaversin, biz ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, - deydi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov.

“Lazgi” hujjatli filmi Moskva shahrida har oyda bo‘lib o‘tadigan “Art Stream” kinofestivalida “Raqs haqidagi eng yaxshi qisqa metrajli hujjatli film” deya eʼtirof etildi. Art Stream kinofestivali turli mamlakatlardagi barcha janrlarda faoliyat yurituvchi mustaqil kinematografistlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Shu bilan birga, “Lazgi” Londonda o‘tkaziladigan “Fifflondon” filmlar tanlovida “Tomoshabinlar tanloviga ko‘ra eng yaxshi film” sifatida tan olingan. Har oy mazkur tanlov hakamlar hayʼati yopiq namoyishlarda eng yaxshi badiiy, hujjatli va annimatsion filmlar mualliflarini taqdirlaydi.

Butun dunyo kino ishlab chiqaruvchilarini eʼtirof etishga bag‘ishlangan “Blackboard” xalqaro kinofestivali bo‘lib, unda “Lazgi” filmi “Raqs haqidagi eng yaxshi hujjatli film” deya tan olindi.  

Hindistonning eng yaxshi filmlarga bag‘ishlangan “Lift-Off Season Awards” tadbiri isteʼdodli ijodkorlarning yuzlab filmlarini kashf qiladi. Ushbu festivalda O‘zbekistonning “Lazgi” filmi “Raqs haqidagi eng yaxshi filmlardan biri” sifatida tan olindi.

Bundan tashqari, “Orange Film Academy”, Trissurdagi xalqaro kinofestival, Mediatadqiqotlar markazi, Sent-Tomas kolleji va Hindiston xalqaro folklor kinosi tomonidan tashkil etilgan “IFFT” (International Film Festival of Thrissour) taqdimotida “Lazgi” “Raqs haqidagi eng yaxshi hujjatli film” deya eʼtirof etildi.

“Bu filmni ishlash jarayonida Lazgi raqsining yo‘qolib borayotgan turlarini saqlab qolish, uni dunyoga namoyish etish va shu orqali madaniy merosimizga xorijliklarning eʼtiborini qaratishni maqsad qilgandim. Toshkentda o‘tgan Yoshlar forumida Turizm va sport vaziriga murojaat qildim va ular mening ushbu tashabbusimni to‘liq qo‘llab quvvatladilar hamda tezda filmni tasvirga olishga kirishib ketdik. Bizdek yoshlarni qo‘llab quvvatlagani, motivatsiya bergani uchun Turizm va sport vazirligi vakillariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”, - deydi film rejissyori Ixtiyor Baxtiyorov.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Yunus Rajabiy nomidagi milliy musiqa sanati instituti professori, Sanʼatshunoslik fanlari nomzodi. Ardahan (Turkiya) universiteti go‘zal sanʼatlar fakulteti professori Botir Matyoqubov film haqida shunday fikr bildirdi:

“Dunyoda shunday xalqlar borki ularning qandayligini  hunarmandchiligi, sanʼati va raqslari orqali kashf qilasiz, yodda saqlaysiz. Masalan, ukrainlarning “Gopak”i, dog‘istonliklarning "Lezginka"si, O‘zbeklarning “Lazgi”si yoki “Andijon polkasi” va boshqalar. “Lazgi” raqsi qadim zamonlarda yuzaga kelgan bo‘lsa-da, bizning asrimizga kelib dunyoga tanildi va  YUNESKO shafeligiga olindi. Bugungi kunga qadar 50dan ortiq  ijodkorlar  uning yangi turlarini yaratishdi. “Lazgi” haqda qisqa hamda to‘liq metrajli  filmlar ishlanib, dunyo kezmoqda va sayyohlarni “Lazgi” vatani bo‘lgan Xorazmga chorlamoqda. Yo‘qolib borayotgan cholg‘u asboblarning chalinishi hamda raqsning tarixini va uning naqadar go‘zalligini ochib bergan bu film menga juda manzur bo‘ldi. Parvozingga ko‘z tegmasin, otashin, shijoatli, jo‘shqin Lazgim!”

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi

Поделиться