O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida

2022-01-22 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Iqtidorli yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshirish, ularni saralash va intellektual o‘yinlarga keng jalb qilish, ushbu o‘yinlar tashkil qilinishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, aholining intellektual salohiyatini yuksaltirish maqsadida:

1. “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. “Zakovat” intellektual o‘yini va boshqa intellektual o‘yinlarni (keyingi o‘rinlarda – intellektual o‘yinlar) tizimli ravishda rivojlantirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklansin:

yoshlarning intellektual rivojlanishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va bu sohadagi ishlarni muvofiqlashtirib borish;

yoshlar o‘rtasida intellektual o‘yinlar, notiqlik musobaqalari, chet tillarda munozara va uchrashuvlar o‘tkazish;

yoshlar o‘rtasida intellektual o‘yinlarni rivojlantirish hamda ommalashtirishga qaratilgan loyihalarga grantlar ajratish;

intellektual o‘yinlar va ulardagi iqtidorli ishtirokchilar haqidagi ma’lumotlarning elektron platformaga kiritilishini ta’minlash va intellektual o‘yinlar natijalarini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish.

3. “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirish bo‘yicha respublika tashkiliy qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tashkil qilinsin hamda uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Intellektual o‘yinlarni nafaqat yoshlar, balki aholining barcha qatlamlari o‘rtasida targ‘ib qilish, ushbu o‘yinlarni ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash va amalga oshirishni ta’minlash, shuningdek, milliy intellektual o‘yinlarni shakllantirish, ularni ommalashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish Tashkiliy qo‘mitaning asosiy vazifalari etib belgilansin.

Belgilansinki, Tashkiliy qo‘mita majlislarida qabul qilingan qarorlar vazirlik va idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi.

4. Belgilab qo‘yilsinki:

intellektual o‘yinlar umumiy o‘rta ta’lim maktablari, Prezident ta’lim muassasalari, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari hamda oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, ko‘ngilli jamoalar o‘rtasida tizimli ravishda o‘tkazib boriladi;

Tashkiliy qo‘mita (A.Abduvaxitov) tavsiyasiga ko‘ra intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida g‘olib va sovrindor (1-3-o‘rinlar) bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari, shu jumladan, Prezident ta’lim muassasalari o‘quvchilari belgilangan tartibda – o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari hamda oliy ta’lim muassasalariga, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari – oliy ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim yo‘nalishlariga, oliy ta’lim muassasalari talabalari – ta’limning keyingi bosqichiga bazaviy to‘lov kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi;

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchi yoshlar va talabalar uchun yil davomida har oyda beriladigan “Zakovat” stipendiyasi ta’sis etiladi hamda ushbu stipendiya Davlat byudjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi;

ta’lim muassasalarida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual klublarining koordinatori bo‘lgan professor-o‘qituvchilarga direktor jamg‘armasi hamda oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan bir oylik mehnatga haq to‘lash fondining 50 foizi miqdorida bir martalik ustama to‘lab beriladi.

Tashkiliy qo‘mita (A.Abduvaxitov) uch oy muddatda intellektual o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini tasdiqlasin.

Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov), Prezident ta’lim muassasalari agentligi (X.Umarova), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov) uch oy muddatda intellektual o‘yinlarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchi-yoshlar va talabalar uchun “Zakovat stipendiyasi”ni berish tartiblarini ishlab chiqib, tasdiqlasin.

Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev) Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov), Prezident ta’lim muassasalari agentligi (X.Umarova) bilan birgalikda 2022 yildan boshlab, bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim maktablari, Prezident ta’lim muassasalari, o‘rta maxsus va professional hamda oliy ta’lim muassasalarida “Zakovat” intellektual klublari faoliyatini yo‘lga qo‘ysin hamda hududlardagi Yoshlar markazlarida intellektual o‘yinlar jamoalari uchun alohida xonalarni tashkil etsin.

5. Mamlakatimizda intellektual o‘yinlarni yanada rivojlantirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi orqali Davlat byudjetidan “Zakovat” intellektual klubi” nodavlat notijorat tashkilotiga (keyigi o‘rinlarda – “Zakovat” intellektual klubi) 2022-yilda 50 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilansin. Bunda, kelgusi yillarda mablag‘lar “Zakovat” intellektual klubiga asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq ajratiladi.

Belgilansinki:

mazkur mablag‘lar intellektual o‘yinlarni tashkil etish, savol yo‘llagan teletomoshabinlarni moddiy rag‘batlantirish, ekspertlar va hakamlarga ish haqi to‘lash, “Zakovat” intellektual klubi a’zolari uchun ochiq ro‘yxatdan o‘tish elektron platformasini yaratish va uni yuritish hamda g‘olib bo‘lgan jamoalar a’zolarini ushbu qarorda belgilangan tartibda rag‘batlantirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan kompyuter va mobil o‘yinlarni yaratgan dasturchilarga grant va subsidiyalar ajratish, shuningdek, ushbu o‘yinlarni o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi;

“Zakovat” intellektual klubi har chorak yakuni bo‘yicha ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanganlik to‘g‘risida Moliya vazirligi va Yoshlar ishlari agentligiga hisobotlar kiritib boradi.

Bunda, “Zakovat” intellektual klubiga mazkur bandga muvofiq ajratilayotgan mablag‘lar bo‘yicha xarajatlar smetasi Tashkiliy qo‘mita (A.Abduvaxitov) tomonidan tasdiqlanadi.

6. 2022 yildan boshlab har yili Intellektual olimpiada tashkil qilib borilsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

Intellektual olimpiada ta’lim yo‘nalishi, sohasi, mutaxassisligidan qat’i nazar respublikadagi barcha oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladi;

Intellektual olimpiada xalqaro tajribani inobatga olib, milliy qadriyatlarimizga mos keladigan intellektual o‘yinlar bo‘yicha tashkil qilinadi;

Intellektual olimpiadani tashkil qilishda nodavlat notijorat tashkilotlar (O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi, O‘zbekiston shashka federatsiyasi va boshqalar) imkoniyati va salohiyatidan keng foydalaniladi;

umumjamoa hisobida birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan oliy ta’lim muassasasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi topshiriladi;

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Intellektual olimpiada g‘olib va sovrindorlarini o‘z mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar zaxirasiga olish amaliyotini yo‘lga qo‘yadi.

Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda Intellektual olimpiadani tashkil qilish tartibini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin.

7. Yoshlar ishlari agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab har yili aprel oyida “Intellektual haftalik” tadbirini tizimli ravishda o‘tkazib borish to‘g‘risidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlansin.

Belgilansinki:

“Intellektual haftalik” oliy ta’lim muassasalarining talabalari o‘rtasida intellektual sog‘lom raqobatni yuzaga keltirish, talaba-yoshlarning bilimga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, respublikaning turli hududlarida tahsil olayotgan zakovatli yoshlar uchun fikr almashish imkoniyatini yaratish, oliy ta’lim muassasalarida intellektual to‘garaklar faoliyatini rivojlantirish hamda yoshlar orasida kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida tashkil qilinadi;

“Intellektual haftalik” davomida intellektual o‘yinlar, ilmiy konferensiyalar, ilm-fan, adabiyot sohasida taniqli olimlar ishtirokida seminarlar, madaniy-ma’naviy tadbirlar, turli soha yetakchilari (rahbarlar), yirik kompaniya (ish beruvchilar) vakillari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkaziladi;

“Intellektual haftalik”ni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar tegishli oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshkulov “Intellektual haftalik”ni to‘liq va samarali tashkillashtirish yuzasidan shaxsan mas’ul etib belgilansin.

8. Yoshlar ishlari agentligi, Toshkent shahar hokimligi va Qurilish vazirligi tomonidan “Zakovat” intellektual klubi uchun alohida bino hamda Intellektual o‘yinlar shaharchasini (keyingi o‘rinlarda – ob’ekt) barpo etish uchun “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tutash hududdan 3 gektar yer maydoni tanlab olinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi va Toshkent shahar hokimligining:

Toshkent shahri, M.Ulug‘bek tumani, “Do‘stlik” MFY hududidagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tutash hududdan 3 gektar yer maydonini (keyingi o‘rinlarda – tanlangan yer uchastkasi) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan aholi punktlarining shahar va posyolka qurilishi yerlari toifasiga o‘tkazish;

tanlangan yer uchastkasini qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan chiqarilishi munosabati bilan qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

Toshkent shahar hokimligi (J.Artikxodjayev) ikki oy muddatda:

tanlangan yer uchastkasining amaldagi yer egalari, foydalanuvchilari va ijarachilaridan qonunda belgilangan tartibda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishini va davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini;

davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan yer uchastkasining Yoshlar ishlari agentligiga ob’ektni barpo etish maqsadida davlat va jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilishini;

Kadastr agentligi bilan birgalikda davlat yer kadastri ma’lumotlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini ta’minlasin.

9. Belgilab qo‘yilsinki:

a) ob’ektda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish doirasida:

Toshkent shahar hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi – buyurtmachi funksiyasini bajaradi;

bosh loyiha va pudrat tashkilotlari belgilangan tartibda o‘tkaziladigan tender (tanlov) natijalariga ko‘ra aniqlanadi;

b) ob’ektni qurish va jihozlash xarajatlari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

v) ob’ekt qurib bitkazilib, foydalanishga qabul qilingandan so‘ng belgilangan tartibda Yoshlar ishlari agentligiga operativ boshqarish huquqi bilan bepul beriladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov) Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, Toshkent shahar hokimligi (J.Artikxodjayev) mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ob’ektning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va qurilish ishlarini amalga oshirish uchun zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

10. Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev):

bir oy muddatda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Prezident ta’lim muassasalari agentligi bilan birgalikda “Zakovat” intellektual klubi a’zolari uchun ochiq ro‘yxatdan o‘tish elektron плaтформaсиni yaratsin. Bunda, shu jumladan jamoalar, ularning reyting ballari hamda intellektual o‘yinlarning yo‘nalish va bosqichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettirilishi nazarda tutilsin;

uch oy muddatda intellektual o‘yinlar g‘oliblari va sovrindorlari uchun Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da mavsumiy ishlaydigan “Intellektual maktab” loyihaсиni yo‘lga qo‘ysin.

11. Tashkiliy qo‘mita (A.Abduvaxitov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022 yildan boshlab, har yili tuman (shahar)lardan birini “Intellektual hudud” deb e’lon qilish hamda u yerda yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini ko‘rsin.

12. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda “Yoshlar” telekanali hamda tegishli hududiy telekanallarda intellektual o‘yinlarni keng yoritish va targ‘ib qilish ishlarini muntazam tashkillashtirib borsin.

13. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z.Sa’dullayev, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X.Toshkulov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari A.A.Djurabayev belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022-yil 1-avgust hamda 2023-yil 1-yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

     Prezidenti                                                                               Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2022-yil 20-yanvar

Manba: O'zA

Поделиться