O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi va O‘mon sultonligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 4 yig‘ilishi videokonferensiya shaklida o‘tkazildi. Yig‘ilishga O‘zbekiston tomonidan investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Sh.Vafaev, O‘mon tomonidan esa - tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Shayx Xalifa bin Ali Al-Xarisiy hamraislik qildi.
Tadbirda ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Tadbir kun tartibiga investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnologik hamkorlik, shuningdek, turizm, transport, inson resurslari va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirish masalalari kiritildi.
Muhokama chog‘ida yig‘ilish ishtirokchilari ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikning o‘sish nuqtalarini aniqlab, istiqbolli yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalar, dasturlar va tashabbuslarni ilgari surish mexanizmlarini kelishib olishdi.
Neft va gaz, kimyo, energetika va elektrotexnika sanoati, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qurilish materiallari, turizm va boshqa sohalarda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro savdoni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Savdo aylanmasini oshirish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish, mavjud savdo to‘siqlarini bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida yaqin aloqalar o‘rnatish va tadbirkorlarni qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish bo‘yicha birgalikda ishlashga o‘zaro tayyorlik bildirildi. Ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rib chiqish va yangi biznes tashabbuslarini hayotga tatbiq etishni amaliy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini ishlab chiqish rejalashtirildi.
Umumiy qiymati qariyb 200 mln. dollarga teng bo‘lgan investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirgan “UzOman Capital” o‘zbek-o‘mon investitsiya kompaniyasi faoliyati e'tirof etildi. Tomonlar o‘monlik va xorijlik investorlarning sarmoyalarini jalb etish maqsadida yaratilgan mazkur samarali qo‘shma platformadan faol foydalanishga kelishib oldilar.
Transport sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, turizmga investitsiyalar jalb qilish, turistik almashinuv dasturlarini birgalikda yo‘lga qo‘yish, yo‘lovchi va yuk oqimlarini ko‘paytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar va ikki mamlakat o‘rtasida madaniy almashinuvni kengaytirishga qaratilgan ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan har bir sohada kelgusida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi kelishuvlarni aks etgan bayonnoma imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi