Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ekspertlar guruhi majlisida “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Unda senatorlar, ekspertlar, mutaxassislar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ekspertlar mahalliy ijro organlari tomonidan mahsulot ishlab chiquvchilarga amaliy yordam ko‘rsatish muhimligini alohida ta'kidlashdi.
Ma'lumki, geografik ko‘rsatkich – tovarning muayyan geografik ob'ekt hududidan kelib chiqqan mahsulot sifatidagi identifikasiyalovchi belgi hisoblanadi. Umuman olganda, geografik ko‘rsatkichlar tovarlarning kelib chiqish joyi nomidan iborat bo‘ladi.
Misol uchun, geografik ko‘rsatkichlardan biri bo‘lgan “Rokfor” deyilganda faqat Fransiyaning ma'lum bir viloyatida ishlab chiqarilgan pishloq tushuniladi. Chet eldagi geografik ko‘rsatkichlarga misol qilib, “Swiss” (soatlar), “Feta” (pishloq) va boshqalarni ko‘rsatish mumkin. Qo‘mita ekspertlari mamlakatimizda ham ma'lum bir hududga xos mahsulotlar, ayniqsa qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik sohasidagi mahsulotlarni ommalashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi, biroq, tovar kelib chiqqan joy nomlariga bo‘lgan qat'iy talablar sababli mintaqaviy brendlar yetarli darajada rivojlanmaganligini alohida qayd etdilar.
Jumladan, O‘zbekistonda bugungi kunda faqat 4 ta tovar kelib chiqqan joy nomi ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 2 tasi mahalliy ishlab chiqaruvchilar “Bagizagan” (Samarqand viloyati), “Chortoq” (Namangan viloyati)ga tegishli. Yig‘ilishda mahalliy tadbirkorlik subektlari tomonidan geografik ko‘rsatkich bilan belgilangan mahsulotlarni ishlab chiqarishni muvaffaqiyatli rivojlantirish mumkinligi bildirildi. Xususan, “Chust pichog‘i”, “Marg‘ilon atlasi”, “Buxoro gilami”, “Baxmal olmasi”, “Mirzacho‘l qovuni”, “Samarqand noni”, “Qashqadaryo tandir go‘shti” va boshqa noyob tovarlar geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.
Qayd etilganidek, geografik ko‘rsatkich qoida tariqasida ishlab chiqarilayotgan tovarni belgilash uchun nomi qo‘llaniladigan mazkur geografik obektda joylashgan bir nechta yuridik yoki jismoniy shaxslarning talabnomasiga binoan ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin. Istisno tariqasida esa, Qonunda boshqa manfaatdor shaxslar bo‘lmagan taqdirda bitta yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnoma berish mumkinligi kabi normalar kiritilgan.
Majlisda shuningdek, mahalliy ijro hokimiyati organlari va nodavlat notijorat tashkilot hisoblanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar birlashmalariga ham geografik ko‘rsatkichlarni ro‘yxatdan o‘tkazish huquqi berilayotgani aytib o‘tildi.
Ishtirokchilar mazkur Qonunning hayotga tadbiq etilishi mahsuloti uchun belgini ro‘yxatdan o‘tkazishni xohlovchi ishlab chiqaruvchilar sonining ortishiga va eng asosiysi mintaqaviy brendlarning rivojlanishiga xizmat qilishini bildirdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati