O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vazirligiga korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etiladi
2022-01-19 | Innovatsiya
Joriy yilning 14 yanvar kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova yig‘ilish kun tartibiga qo‘yilgan korrupsiya masalasi yuzasidan nutq so‘zladi.
Xususan, qarorda reyting baholash 5 ta yo‘nalish bo‘yicha belgilangan indikatorlar asosida amalga oshirilishi, ushbu qarorda reyting baholash tizimi 2022 yil 1 fevraldan boshlab, eksperiment tariqasida, o‘z faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan 26 ta davlat tashkilotlari faoliyatiga, 2022 yil 1 iyuldan barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etilishi yuzasidan maʼlumot berdi.
Shu bilan bir qatorda vazirlikni Korrupsiyaga qarshi kurashish nazorati va ichki audit xizmati bo‘limi boshlig‘i B.Narziyev vazirlikda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholash, faoliyat samaradorligi “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” toifalariga bo‘linishi yuzasidan to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, ketma-ket ikki yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi “qoniqarsiz” deb topilgan davlat tashkilotlari rahbarlariga intizomiy javobgarlik choralarini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilishini taʼkidladi.
Qayd etilishicha, Innovatsion rivojlanish vazirligi tizimida korrupsiya holatlari haqida xabar berish rasmiy (mininnovationanticorruptionbot) boti ishga tushgan.
Yig‘ilish so‘nggida tegishli qaror qabul qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi