O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turizm yo‘nalishidagi 50 nafar yosh tadqiqotchi dunyoning eng ilg‘or OTM'larida taʼlim oladi
2022-01-19 | Turizm
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Davlat rahbarining shu yo‘nalishda qabul qilgan qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan Turizm va sport vazirligi masʼul xodimlari, "El-yurt umidi" jamg‘armasi vakillari ishtirokida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti magistrlari, doktorantlari va o‘qituvchilari uchun onlayn shaklda amaliy seminar tashkil etildi. Bundan asosiy maqsad mamlakatimiz turizm taʼlimi tizimidagi yosh izlanuvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratishdan iborat.
Maʼlumot uchun, joriy yilda 2022-yilga mo‘ljallangan stipendiyalar tanloviga buyurtmalar portfelini shakllantirish maqsadida respublikadagi 140 dan ortiq vazirlik, idora va tashkilotlarning Jamg‘armaning xorijda taʼlim olish dasturlariga bo‘lgan real ehtiyoji o‘rganib chiqilgan.
Taʼlim dasturlari kesimida jami 2068 o‘ringa, jumladan bakalavriatga 253 o‘rin, magistraturaga 1259 o‘rin va doktoranturaga 556 o‘ringa ehtiyoj mavjudligi qayd etilgan.
Mazkur kvotalar Jamg‘arma dasturlari kesimida quyidagi ko‘rinishda eʼlon qilinmoqda, jumladan bakalavriatga 120 o‘rin, magistraturaga 180 o‘rin va doktoranturaga 120 o‘rin ajratilgan.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 2022-yil uchun xalqaro tan olingan reyting agentliklari tomonidan o‘rganilgan dunyodagi nufuzli taʼlim, ilmiy va boshqa muassasalar, ishlab chiqarish, innovatsion kompaniyalar va boshqa tashkilotlarning ro‘yxati Jamg‘arma rasmiy veb-saytida eʼlon qilingan.
Jumladan, turizm taʼlimi tizimidagi 50 nafar yosh tadqiqotchilarni dunyoning eng ilg‘or OTMlaridagi magistratura va doktorantura dasturlarida taʼlim olish uchun "El-yurt umidi" jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2022-2023-yillarda jo‘natilishi lozimligi belgilangan. Seminar davomida ishtirokchilarga jamg‘armaning 2022-yil uchun eʼlon qilingan tanlov shartlari, asosiy tushunchalar va imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi