O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Pochta aloqasi sirini ta’minlash masalalariga tegishli aniqlashtiruvchi normalar kiritildi
2022-01-18 | Siyosat
ONLAYN Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda. Unda «Pochta aloqasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputati O‘ktam Islomov ma’ruza qildi. Qayd etilganidek, muhokama qilinayotgan loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida qo‘mita tomonidan 10 ga yaqin ishchi guruh yig‘ilishi, davra suhbatlari o‘tkazildi. Ularda loyihani yanada takomillashtirish, maromiga yetkazish, pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha ko‘plab taklif va tavsiyalar berildi.
Ushbu takliflar asosida qonun loyihasiga qator o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, loyiha «Vazirlar Mahkamasi vakolatlari» deb nomlangan yangi modda bilan to‘ldirildi. 9, 10 va 11-moddalarga pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish, pochta aloqasi sirini ta’minlash masalalariga tegishli aniqlashtiruvchi normalar kiritildi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi sohada me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, aholiga tezkor, zamonaviy va sifatli xizmat ko‘rsatish uchun sharoitlar yaratish imkonini beradi. Shuningdek, O‘zbekistonda 2021-2023 yillarda pochta aloqasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni hamda ratifikatsiya qilingan 4 xalqaro shartnomalar doirasida pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi moddama-modda ko‘rib chiqilib, ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Manba: O'zA