O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Los-Anjeles-2028 Olimpiadasiga daʼvogar yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi
2022-01-18 | Sport
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovning topshirigʻiga binoan MOQda 2028-yil Los-Anjelesda boʻlib oʻtadigan XXXIV yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik boʻyicha uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov va uning oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, Turizm va sport vazirligi mutasaddilari va Oliy sport mahorati maktablarining masʼullari ishtirok etishdi.
Qayd etish joiz, hozirdanoq 2028-yilgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga sportchilarimizni munosib tayyorlash, kuchli zaxira yoshlarini tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda. Yigʻilishda jamoalarimiz oldida turgan muammolarni bartaraf etish, zamonaviy metodikalardan keng foydalanish, terma jamoalar bazasidagi moddiy-texnik bazalarini yanada yaxshilash kabi ustuvor masalalar yuzasidan atroflicha fikrlar bildirildi.
“Prezidentimiz sport yoʻnalishidagi kelajagimiz uchun hozirdan ahamiyat qaratmoqdalar. Shunday ekan, biz ham bunga oʻzimizning ulushimizni qoʻshishimiz kerak. Mavjud muammo va kamchiliklarimizni yaxshi bilamiz. Bundan xulosa chiqargan holda istiqbolli rejalar bilan oldinga qarab harakat qilamiz. Biz yoʻlga qoʻyib oladigan tizimli ishimiz Yangi Oʻzbekistonning yangi gʻalabalariga zamin yaratadi”, – dedi MOQ rahbari.
Yigʻilish davomida MOQ rahbari sport tibbiyoti va psixologiyasi yoʻnalishlarida tajribali mutaxassislarni terma jamoalarga jalb qilish boʻyicha koʻrsatma berdi. Shuningdek, terma jamoalardagi mavjud zaxira sportchilarini aniqlash va koʻzlanadigan yoʻllanmalar rejasini shakllantirish, bu borada jamoaviy oʻyin sport turlariga alohida ahamiyat qaratish boʻyicha atroflicha fikrlar bildirildi.
Manba: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi