O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston va Turkmaniston iqtisodiy sheriklikning yangi yo‘llarini izlamoqda

2022-01-18 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 17-yanvar kuni Toshkent shahrida Turkmaniston hukumat delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqovning Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari S.Berdimuhamedov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning asosiy vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari va savdo-sanoat palatalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
 
Uchrashuvda investitsiyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalarida, shuningdek, suvdan foydalanish, hududlararo hamkorlik va oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishlarida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati yuzasidan fikr almashildi. Oldin erishilgan kelishuvlarning ro‘yobga chiqarilishi atroflicha ko‘rib chiqilib, istiqbolli sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish imkoniyatlari o‘rganildi.
 
Ikki tomonlama savdoni rivojlantirish borasida sezilarli yutuqlarga erishilgani qayd etildi. Jumladan, so‘nggi 4 yil ichida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 barobar oshdi, 2021-yilda esa 65 foizga o‘sib, qariyb 880 mln dollarni tashkil qildi. Yaqin kelajakda o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadida amaldagi savdo shartnomalar ijrosini ilgari surishga hamda ikki mamlakat tadbirkorlari va ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarni faollashtirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.
 
Muloqotda sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlariga alohida urg‘u berildi. Tomonlar ushbu yo‘nalishda ayrim tarmoqlarda erishilgan muvaffaqiyatlarni ta'kidlab, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish hamda ikki davlat hududlarida o‘zaro bog‘liq qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yangi takliflarni ishlab chiqishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
 
Hududlararo hamkorlik salohiyatini ilgari surish bo‘yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarning ahamiyati ham qayd etildi. Tomonlar joriy yilda O‘zbekiston va Turkmaniston hududiy ma'muriyatlari hamda ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish uchun platformaga aylanishi mo‘ljallangan birinchi hududlararo Forumiga tayyogarlik ko‘rish va uni o‘tkazish choralarini muhokama qildilar.
 
Bundan tashqari, suv xo‘jaligi, transport sohasida hamkorlik va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, umumiy transport yo‘laklari tarmog‘ini rivojlantirish hamda ikki mamlakatning tranzit salohiyatini yuksaltirish, madaniyat va turizm sohasidagi qo‘shma dasturlarni hayotga joriy etish kabi qator masalalar atroflicha muhokama qilindi.
 
Uchrashuv davomida qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, xalqaro oziq-ovqat sifat standartlarini joriy etish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha tajriba almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
 
Tadbir yakunida tomonlar ko‘rib chiqilgan hamda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan munosabatlarning barcha sohalarida faol hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
 
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat ishbilarmonlik sub'ektlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, kimyo sanoati va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida bir qator investitsiya va eksport shartnomalari imzolandi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться