Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Hotambek Shokirov boshchiligida shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan navbatdagi fuqarolar qabulida tuman hokimlari o‘rinbosarlari, shuningdek, tegishli boshqarma hamda tashkilotlar mas'ullari barcha murojaatlarni o‘rganib, ularni qanoatlantirish masalasi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Fuqarolar asosan uy-joy sharoitlarini yaxshilash, salomatliklarini tiklash, noqonuniy qurilmalarni tartibga solish, moddiy yordam masalalarida ko‘mak so‘rashdi.
Yashnabod tumani Ohangrabo ko‘chasida istiqomat qiluvchi N.I. ikki xonali uyda ota-onasi, aka-ukalari bilan birgalikda yashashi, turar-joyga muhtojligi, o‘zi bolalar bog‘chasida ishlashi, naqd pulga uy sotib olishga imkoniyati yo‘qligini aytib, murojaat qildi.
Mas'ullar masalani batafsil ko‘rib chiqib, uni hal etish choralarini ko‘rishdi. Murojaat egasi va uning oila a'zolarining oylik maoshlari, boshqa daromadlari surishtirilib, unga davlat tomonidan berilayotgan subsidiya taklif etildi. Ajratiladigan mablag‘ga ko‘ra, ko‘p qavatli yangi uylardan xonadon xarid qilish tavsiya qilindi.
Chilonzor tumani Guliston ko‘chasida istiqomat qiluvchi U.N.ning muammosi esa sal boshqacharoq. Unga tuman hokimligi qoshidagi komissiya tomonidan davlat tomonidan ko‘p qavatli uylardan xonadon sotib olishga 290 million so‘m subsidiya mablag‘i ajratilgan. Lekin u bir necha oy davomida o‘ziga narxi, shart-sharoiti va joylashgan hududi ma'qul bo‘lgan xonadonni topa olmayapti. Shu bois murojaat egasi yana bir bor mas'ullardan yordam so‘radi.
Mutasaddilar masalani birgalikda o‘rganib, unga bir qator hududlarda bunyod etilgan, kadastr hujjatlari ham tayyor bo‘lgan ko‘p qavatli uylardagi takliflarni taqdim etishdi. Tegishli boshqarmalarning mutaxassislari bilan birgalikda uylarning narxlari, qaysi hududlarda joylashganligi ko‘rib chiqildi. Natijada murojaat egasi ulardan birini tanlashga qaror qildi.
Shuningdek, fuqarolar qabulida boshqa fuqarolarning ham murojaatlari eshitilib, ularni hal etish choralari ko‘rildi. Avvalo, barcha murojaatlarni qonun doirasida hal etish, tegishli tashkilotlar yordamida ularning ijrosini nazoratga olishga kelishib olindi. Ba'zi murojaat egalariga esa muammolari bo‘yicha mavjud qonunlar doirasida tushuntirish berildi.
Belgilangan rejaga ko‘ra, tuman hokimliklarida ham fuqarolar qabullari davom etmoqda.
Manba: Toshkent shahar hokimligi