O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Delphos International” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv
2022-01-17 | Siyosat
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov “Delphos International” kompaniyasi boshqaruv Raisi Bart Turtelbum bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ma’lumot uchun: “Delphos Internationa” rivojlanayotgan bozorlardagi loyihalar uchun uzoq muddatli kapitalni jalb qilishga ixtisoslashgan yetakchi mustaqil moliyaviy konsalting xizmat ko‘rsatish kompaniyasi hisoblanadi.
Uchrashuvda, shuningdek, Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Xususiy sektorni taxlil qilish va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Saidjon Qodirov ishtirok etdilar.
Uchrashuv kun tartibidan davlat-xususiy sherikligi mexanizmlarini, inson kapitalini rivojlantirish, shuningdek, xususiylashtirish masalalari o‘rin oldi.
Uchrashuv avvalida tomonlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, mumkin bo‘lgan hamkorlik yo‘nalishlari borasida fikr almashdilar. Uchrashuv davomida nafaqat inson kapitalini rivojlantirish masalalari, balki davlat-xususiy sherikligi loyihalari va infratuzilma masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, Bart Turtelbum O‘zbekistonda islohotlar izchil davom etayotganligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, “yashil” iqtisodiyotning kompaniya uchun muhim va manfaatli yo‘nalish ekanligini bildirib, ushbu soha yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Uchrashuv so‘nggida tomonlar o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish va rejalashtirilayotgan loyihalar yuzasidan hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi