O‘zbekiston va Qirg‘izston o‘rtasidagi hamkorlikka oid masalalar muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov O‘zbekistonda o‘z diplomatik missiyasini yakunlayotgan Qirg‘iziston Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi I.Djunusovni qabul qildi.
Uchrashuv chog‘ida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligining bugungi holati va uni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi, shuningdek, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha keyingi sa'y-harakatlar belgilandi.
2021-yilda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar alohida dinamikaga ega bo‘lganligi qayd etildi. Tashrif doirasida ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning yig‘ilishi hamda O‘zbekiston Respublikasining chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirg‘iziston Respublikasi hukumatining chegaraoldi viloyatlardagi vakolatli vakillari Kengashinining yig‘ilishi o‘tkazildi.
Savdo-iqtisodiy sohada erishilgan muvaffaqiyatlar alohida ta'kidlandi. Jumladan, so‘nggi uch yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 16 foizga oshib, 1 milliard dollarlik marraga yaqinlashdi. Transchegaraviy savdoni rivojlantirish hamda ikki mamlakatning logistika va tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida katta ishlar amalga oshirildi. Shu bilan birga, yaqin kelajakda o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish uchun salmoqli imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Tomonlar investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni ham muhokama qildilar. Istiqbolli loyihalarni, shu jumladan, 2021-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan loyihaviy tashabbuslarni ishlab chiqish va ularni ilgari surish yuzasidan keyingi tadbirlar belgilandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud kelishuvlarning sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishiga sodiqligini bildirdilar. O‘zbekiston tomoni I.Djunusovga O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish va chuqurlashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi hamda keyingi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi